Yurt tinchligi, xalq farovonligi, xotirjam yashash, baxtli hayot kechirish kabi ko‘ngil xotirjamligining zamirida Vatan himoyachilarining hissasi katta.
Harbiylik kasbini tanlab, mamlakatimiz sarhadlarini qo‘riqlashga bel bog‘lagan mard va jasur o‘g‘lonlarimiz borki, ular bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani hokimligi tashabbusi bilan 9203 - harbiy qismga qarashli «Yangiobod» «Madaniyat» va «G‘ozovot» chegarani qo‘riqlash vzvodlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar uchun qadimiy va ko‘hna Xiva shahriga sayohat uyushtirildi.
– Yozning jazirama issig‘iyu, qahraton qishning achchiq sovug‘ida ham ular o‘z qasamyodiga sodiq turib xizmat qiladi, – deydi Qo‘shko‘pir tuman hokimi matbuot kotibi Nazokat Masharipova. – Shu boisdan ularga xalqimiz ishonadi, yosh avlod esa ularga hamisha havas ko‘zi bilan boqib kelgan. Bugun ularning ona Vatanga bo‘lgan muhabbatini yanada oshirish, go‘zal va betakror mamlakatimizning buyuk tarixini chuqurroq o‘rgatish, madaniy, ma’naviy zavq bag‘ishlash maqsadida mazkur sayohatni tashkil qildik.
Ochiq osmon ostidagi muzey shahar – «Ichan qal’a» davlat muzey qo‘riqxonasida joylashgan qadimiy osori-atiqalar askarlarda chuqur taassurot qoldirdi. Shuningdek, harbiy sayyohlar Xiva «Deshan qal’a»si atrofidagi Nurillaboy saroyi kabi qadimiy obidalarda bo‘lib, muqaddas qadamjolarni ham ziyorat qildi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA