O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 30 yilligi munosabati bilan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug Nukus garnizoni harbiy qismlaridan birining bir guruh harbiy xizmatchilari Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida bo‘ldilar. Bu haqda ushbu tuzilma matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.
Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Qoraqalpog‘iston Respublikasi mintaqaviy bo‘linmasi a’zolari safidagi teatr jamoasi harbiy xizmatchilarning ma’naviyatini yanada boyitishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Keyingi ikki yil mobaynida teatr bilan ijodiy hamkorlik keng yo‘lga qo‘yildi. O‘zbek va qoraqalpoq tillarida sahnalashtirilayotgan spektakllarning tomoshabinlari orasida harbiylar va ularning oila a’zolari safi kengayib bormoqda. O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artistlari bilan ijodiy uchrashuvlar muntazam tashkil etilib, ular bilan yirik spektakllar muhokamasi bo‘lib o‘tmoqda.
Bu kabi tadbirlarning samarali natijasi o‘laroq, harbiylarning ma’naviy dunyosi tobora boyimoqda. Badiiy-estetik didi yanada charxlanib, teatr san’atiga mehri yanada ortmoqda.
Teatr jamoasi va askarlar suhbati samimiy ruhda kechdi. Ijodkorlarning jonli ijrodagi qo‘shiqlar guldastasi harbiylarga chinakam bayramona tuhfa bo‘ldi.

– Qurolli Kuchlarimizda bugun Alpomish, Yedigey singari mard va jasur yigitlar xizmat qilmoqda, – dedi teatr direktori Asan og‘a Niyetullayev. – Barvasta, kelishgan yigitlarning harbiy liboslari o‘zlariga juda yarashgan. bugungi kutilmagan tashrif esa bizlarni juda quvontirdi. Ehtiromdan boshimiz ko‘kka yetdi. Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishni ko‘zlamoqdamiz. Sahna orqali qoraqalpoq teatri, afsona va rivoyatlari, nodir asarlari bilan tanitib borish bizlar uchun burch va sharafdir.
Mazmunli suhbatdan so‘ng askarlar salkam yuz yillik tarixga ega teatr haqida so‘zlovchi muzey bilan tanishdilar.
N.Usmonova,
O‘zA