Samarqand viloyatidagi harbiy qismlarda muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda imtiyoz beruvchi tavsiyanoma olish uchun test sinovlari topshirmoqda.
– Test sinovlari 100 ta savoldan iborat bo‘lib, ularning asosiy qismi jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikka oid, – deydi bilim va malakalarni baholash agentligi Samarqand viloyati bo‘limi mutaxassisi Samariddin Suyunov. – Shuningdek, matematika va fizika fanlaridan ham savollar mavjud. Testda yuqori ball to‘plab, tavsiyanomaga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilar respublikamizdagi oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra o‘zlari to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida, boshqa oliy o‘quv yurtlari bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun esa oliy ta’lim muassasalariga qabul parametrlaridan tashqari ajratiladigan alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladilar.
Alohida qabul ko‘rsatkichlari har bir oliy ta’lim muassasasining bakalavriatiga (har bir ta’lim shakli bo‘yicha) o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarining 5 foizi miqdorida belgilanadi.
[gallery-27242]
13 yanvar kuni o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida davlatimiz rahbari muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlarga yana bir qator imtiyozlar berilishini aytgandi. Jumladan, askarlarga muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida harbiy qismning o‘zida oliygohga o‘qishga kirish uchun imtihon topshirish imkoniyati yaratiladi. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalikka qabul qilingan askarlar muddatli harbiy xizmat yakunlanishi bilan oliy o‘quv yurtida o‘qishini boshlaydi. Shuningdek, armiyadan qaytib, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqchi bo‘lgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikati olish xarajatlari qoplab beriladi. Agar ular oliy o‘quv yurtlariga kontraktga o‘qishga kirsa, foizsiz ta’lim krediti ajratiladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari