Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Askarlar onalari bilan uchrashdi
12:55 / 2026-01-11

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Vatanparvarlik oyligi” doirasida Jizzax garnizonidagi “n” harbiy qismda ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Mazkur tadbir ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur hamda “Askar onalarini sharaflaymiz” nomli uchrashuvni o‘z ichiga oldi.

Jurnalistlarga harbiy qism tarixi, uning tashkil etilishi va milliy armiyamizning bugungi rivojlanish bosqichlari haqidagi ma’lumotlar taqdim etildi. Shundan so‘ng, safarbarlik chaqiruv rezervi batalioni xizmatchilari, ularning ota-onalari harbiy qismda yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

Tadbir ishtirokchilari harbiy orkestr ijrosida yangragan Vatanni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar, faxriy qorovul bo‘linmasining namoyishlari, qo‘l jangi elementlari asosidagi sahna chiqishlari orqali harbiy xizmatning sharafli va mas’uliyatli ekanini yanada chuqur his etishdi. Qurol-aslahalar, favqulodda vaziyatlarda qo‘llaniladigan zamonaviy texnik vositalar bilan tanishuv esa yoshlarda o‘ziga xos qiziqish uyg‘otdi.

Shuningdek, ishtirokchilar kutubxona, ma’naviyat va ma’rifat markazi, zamonaviy jihozlangan o‘q otish markazi, o‘quv binolari, sport zali hamda dam olish maskanlari faoliyati bilan tanishib, harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarga yuksak baho berishdi.

Tantanali diydorlashuv marosimi esa tadbirning eng ta’sirli lahzalaridan biri bo‘ldi. Harbiy orkestr sadolari ostida farzandlari bilan uchrashgan onalarning ko‘zlarida sevinch yoshlari, qalblarida esa faxr tuyg‘ulari jo‘sh urdi. 

– Bugungi kun men uchun unutilmas bayramga aylandi, – deydi safarbarlik chaqiruv rezervi batalioni askari Isfandiyor Safarovning onasi, Paxtakor tumanidan kelgan Ra’no Safarova. – O‘g‘limni harbiy libosda, safdoshlari orasida mardona qadam tashlab yurganini ko‘rib, ona sifatida cheksiz faxrlandim. Xizmat sharoitlari bilan yaqindan tanishib, o‘g‘limning ko‘zida o‘ziga bo‘lgan ishonch va qat’iyatni ko‘rdim.

Yosh askarlar ham o‘z maqsad va orzulari bilan o‘rtoqlashdilar.

[gallery-27059]

– Xizmat davomida harbiylikka bo‘lgan qiziqishim yanada ortdi, – deydi Mirzacho‘l tumanidan chaqirilgan oddiy askar Shohruh Akramov. – Ota-onam bilan maslahatlashib, kelajakda harbiy bo‘lishga qaror qildim. Vatanimga sidqidildan xizmat qilish – men uchun eng oliy burch.

Press-tur yakunida “Askar onalarini sharaflaymiz” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqan Markaziy harbiy okrug “n” harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Yo‘ldosh Xoliqov milliy armiyamiz qudratini mustahkamlash, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida to‘xtalib o‘tdi. U harbiy xizmat har bir yigit uchun yuksak shon-sharaf maktabi ekanini alohida ta’kidladi.

Tadbir davomida xizmatda faollik ko‘rsatgan bir guruh harbiy xizmatchilarning ota-onalariga garnizon rahbariyati tomonidan tashakkurnomalar topshirildi. O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Jizzax viloyati bo‘limi san’atkorlari ijrosidagi vatanparvarlik qo‘shiqlari esa tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari