Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Askarlar imtiyozli tavsiyanomalar uchun test topshirdi
16:36 / 2024-01-22

Qarshi muhandislik- iqtisodiyot instituti binosida Qarshi garnizonida xizmat o‘tayotgan muddatli harbiy xizmatchilar uchun oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda beriladigan imtiyozlar bo‘yicha test sinovlari yuqori saviyada tashkil etildi.

Sinovlarning halol va shaffof tarzda o‘tishini ta’minlash maqsadida belgilangan har bir xonada nazoratchi shaxslardan tashqari video kuzatuv moslamalari ham o‘rnatilgan. Mas’ullar tomonidan askarlarga tegishli ma’lumot va ko‘rsatmalar berilgach, muhrlangan savollar ochildi. 

Yigitlik burchini bajarishga kirishgan kundan boshlab muddatli harbiy xizmatchilarga malakali ofitser va serjantlar tomonidan jismoniy tayyorgarlikdan tashqari turli yo‘nalishlarda nazariy bilimlar ham muntazam berib boriladi. 

Test sinovlarida ko‘rsatilgan natijalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan baholanadi. 

Shuningdek, askarlarning xizmati davomida harbiy qismda ko‘rsatgan natijalari, ijobiy xulqi ham inobatga olinib, harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasiga munosibligi belgilanadi. 

Muddatli harbiy xizmatchilarga berilayotgan bu kabi imtiyoz va imkoniyatlar ularda harbiy vatanparvarlik hislarini yanada mustahkamlashga hamda o‘z xizmat vazifalariga sidqidildan yondashishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. 

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari