FOTOREPORTAJ
Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasiga qarashli harbiy qismda xizmat o‘tayotgan muddatli harbiy xizmatchilar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda beriladigan imtiyozlar bo‘yicha test sinovlarini topshirdi.
Sinovlarning halol va shaffof tarzda o‘tishini ta’minlash maqsadida belgilangan binoda nazoratchi shaxslardan tashqari video kuzatuv moslamalari ham o‘rnatildi. Mas’ullar tomonidan askarlarga tegishli ma’lumot va ko‘rsatmalar berilgach, muhrlangan qutilar ochildi.
Yigitlik burchini bajarishga kirishgan kundan boshlab muddatli harbiy xizmatchilarga malakali ofitser va serjantlar tomonidan jismoniy tayyorgarlikdan tashqari turli yo‘nalishlarda nazariy bilimlar ham muntazam berib boriladi.
– Muddatli harbiy xizmatchilar uchun mo‘ljallangan test sinovi savollari yuztani tashkil etadi, - deydi Bilim va malakalarni baholash agentligi Surxondaryo viloyat bo‘limi boshlig‘i Yoqubjon Karimov. – Shundan 40 tasi jangovar, 20 tasi ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, 10 tasi matematika, 10 tasi fizika faniga oid, yana 20 tasi esa mantiqiy savollardan iborat.
Test sinovida har bir to‘g‘ri javob uchun jangovar tayyorgarlik bo‘yicha 1,2 ball, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha 1,1 ball, matematika, fizika fanlari hamda mantiqiy savollar bo‘yicha 1 baldan beriladi. Nomzod maksimal 110 ball olish imkoniga ega.
Test sinovlarida ko‘rsatilgan natijalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan baholanadi. Shuningdek, askarlarning xizmati davomida harbiy qismda ko‘rsatgan natijalari, ijobiy xulqi ham inobatga olinib, harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasiga munosibligi belgilanadi.
[gallery-15745]
Muddatli harbiy xizmatchilarga berilayotgan bu kabi imtiyoz va imkoniyatlar ularda harbiy-vatanparvarlik hislarini yanada mustahkamlashga hamda o‘z xizmat vazifasiga sidqidildan yondashishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA