FOTOREPORTAJ
Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari Farg‘ona garnizonidagi harbiy qismlarda yigitlik burchini o‘tayotgan muddatli harbiy xizmatchilar imtiyozli tavsiyanoma uchun test sinovlarini topshirdi.
Farg‘ona politexnika instituti binosida o‘tgan test sinovlari barcha davlat test markazi talablariga javob bergan holda tashkil etildi.
[gallery-15616]
Muddatli harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik dasturlarini qanchalik o‘zlashtirganini yakuniy baholash, ularning bilim darajasini tekshirishga qaratilgan mazkur test sinovlari matematika va fizika fanlari bo‘yicha hamda mantiqiy test savollari tegishli vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar ishtirokida umumta’lim va o‘rta maxsus ta’lim muassasalaridagi o‘quv dasturlarini inobatga olgan holda tuzilgan. Test savollarining umumiy soni 100 ta bo‘lib, ularning 40 tasi jangovar tayyorgarlik, 20 tasi ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, 10 tasi matematika, 10 tasi fizika fani bo‘yicha, qolgan 20 tasi mantiqiy test savollaridan iborat. Yig‘ish mumkin bo‘lgan maksimal ball 110 ballni tashkil etadi.
Ma’lumki, 2019 yildan buyon oliy ta’lim muassasalariga muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida olgan tavsiyanoma bo‘yicha abituriyentlar hujjat topshirishi uchun alohida qo‘shimcha 5 foizli kvotalar belgilangan. Bunda o‘sha oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan imtiyoz egalari o‘rtasida ajratilgan 5 foizli kvota doirasida raqobat bo‘ladi. Oliy harbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida esa biroz boshqacharoq bo‘lishi ta’kidlangan. Ya’ni, imtiyozga ega bo‘lgan abituriyent kirish imtihonlarida to‘plagan balining 50 foizi qo‘shib beriladi.
Ta’kidlash kerak, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan fuqarolarga berilgan tavsiyanoma uch yil mobaynida amal qiladi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA