Buxoro garnizoniga qarashli harbiy qismda “Yangi O‘zbekiston armiyasi mamlakat qudrati, yuksak g‘urur va sadoqat timsolidir” shiori ostida “Askar onalarini sharaflaymiz” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab tashkil etilgan mazkur tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari, Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi vakillari hamda Buxoro shahridagi harbiy qismlarda xizmat qilayotgan Toshkent viloyatilik va Toshkent viloyatida sharafli burchini ado etayotgan buxorolik harbiy xizmatchilar, ularning ota-onalari, yoru do‘stlari qatnashdi. Videomuloqot shaklida tashkillashtirilgan uchrashuvda ota-onalar va harbiy xizmatchilar ekran orqali diydorlashdi.
Muloqot avvalida viloyat hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Feruza Ibragimova askarlar va ularning ota-onalarini Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi.
[gallery-15395]
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimiz mudofaa qudratini yanada mustahkamlash, xalqimizning tinch va osoyishta hayoti, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash maqsadida milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi. Shuningdek, dunyoning turli mintaqalarida tahlikali va murakkab vaziyatlar yuz berayotgan paytda xalqimizning tinch va osuda yashayotganiga mudofaa tizimi, milliy armiyamiz safidagi harbiylarning xizmati beqiyos ekanligi e’tirof etildi.
Ota-onalar harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Tadbir tashkilotchilari askarlar va ota-onalarni bayram bilan tabriklash barobarida ularga esdalik sovg‘alarini topshirdi. Vatan, tinchlik, yoshlik va ezgulikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar esa bayram kayfiyati ulashdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari