French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Asil Rashidovning ijodi yodga olindi
14:58 / 2025-12-10

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida o‘zbek adabiyotining yorqin namoyandalaridan biri, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, taniqli pedagog-olim, adabiyotshunos va o‘zbek badiiy tarjimasi sohasida o‘ziga xos ijodiy maktab yaratgan barkamol ijodkor – Asil Rashidov tavalludining 95 yilligi munosabati bilan adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi.

Tadbir davomida ulug‘ adib va tarjimonning boy ilmiy va badiiy merosi, o‘zbek adabiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi, shogirdlari va zamondoshlari xotirasi orqali eslandi. Shuningdek, uning tarjima sohasidagi faoliyati, ijodiy uslubi, tarjima maktabi va adabiy merosini tadqiq etishga bag‘ishlangan ma’ruzalar, esdaliklar va kitob ko‘rgazmalari taqdim etildi.

Olim o‘z faoliyati davomida “Inson va mehnat madhi”, “So‘nmas yulduzlar”, “Asrga tengdosh maktab”, “Lesya Ukrainka”, “Chiniqish maktabi” singari ko‘plab ilmiy-ommabop asarlar yaratgan. Ayniqsa, mustaqillik yillarida dunyo yuzini ko‘rgan, atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov xotirasiga bag‘ishlangan “Akam haqida” risolasi, “Ezgulikka baxshida umr”, “Chingiz Aytmatovning badiiy olami” singari asarlari minglab kitobxonlarning samimiy e’tirof va ehtiromiga sazovor bo‘lgan.

[gallery-26657]

Asil Rashidov badiiy tarjima sohasida o‘ziga xos ijodiy maktab yaratgan. U mashhur qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning “Yuzma-yuz”, “Jamila”, “Bo‘tako‘z”, “Sarvqomat dilbarim”, “Alvido, Gulsari!”, “Somon yo‘li”, “Oq kema”, “Erta kelgan turnalar”, “Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar”, “Asrni qaritgan kun” singari betakror asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girib, o‘zbek xalqining badiiy tafakkurini yuksaltirishga ulkan hissa qo‘shgan.

Shuningdek, taniqli rus adibi Aleksandr Bekning “Volokolamsk yo‘lida” romani, qirg‘iz adibi Mirzabek Duysenovning “Imtihon” qissasi ham Asil Rashidov tarjimasida o‘zbek kitobxonlariga taqdim etilgan.

Asil Rashidovning oliy ta’lim tizimi va o‘zbek adabiyotini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlat tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi” faxriy unvonlari hamda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.  

O‘zbek tarjimashunoslik amaliyotida alohida maktab yaratgan inson Asil Rashidov tarjimon mahorati, uning tili, ma’no, badiiy didi va tilidagi nafosat hamda badiiy hissiyotini aniq va jozibador tarzda ifoda qilishdagi yuksak mohirligi, tarjima asarlari hamda yozgan kitoblari orqali o‘zbek adabiyotida milliy-ma’naviy boylik sifatida qoldirdi.

N.Usmonova,  

O.Pardayev (surat),

O‘zA