Milliy istiqlolimizning eng buyuk maqsadi insonga e’tibor, uning qadrini, mehnatini ulug‘lash, olijanob xalqimizning izzat-hurmatini joyiga qo‘yishdan iborat.
Prezident Shavkat MIRZIYOEV
Yangi O‘zbekiston ijod ahliga misli ko‘rilmagan imkoniyatlar yaratib berish, moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash barobarida o‘zlaridan o‘lmas adabiy meros qoldirgan asil adiblar xotirasiga ham chuqur ehtirom ko‘rsatmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida 2017 yilning 18 aprelida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida tashkil etilgan Adiblar xiyobonidan millatimiz piri komili, g‘azal mulki sultoni Alisher Navoiy hazratlarining muhtasham obidasi yaqinidan mumtoz hamda hozirgi zamon adabiyotimizning atoqli siymolaridan Bobur, Furqat, Ogahiy, Muqimiy, Berdaq, Behbudiy, Avloniy, Cho‘lpon, A.Qodiriy, G‘.G‘ulom, H.Olimjon, Zulfiya, Oybek, M.Shayxzoda, A.Qahhor, S.Ahmad, S.Zunnunova, T.Qaipbergenov, I.Yusupov, E.Vohidov, O.Sharafiddinov, A.Oripov, A.Faynberg, M.Yusuflarning ulug‘vor haykallari joy oldi. Xiyobon butun yil davomida kitobga mehr qo‘ygan xalqimiz vakillari, ijodkorlar, xorijiy mehmonlar qadam ranjida qiladigan mo‘’tabar maskan, qizg‘in uchrashuvlar, mushoiralar joyiga aylandi. Shu kungacha A.Navoiy, Z.M.Bobur, Mahtumquli, Abay, Ajiniyoz ijodiyotiga bag‘ishlangan nufuzli anjumanlar bilan birgalikda asil adiblarimizdan U.Nosir tavalludining 110, Sh.Rashidov tavalludining 100, Ch.Aytmatov tavallludining 90, E.Vohidov, A.Oripov, O‘.Hoshimovlar tavalludlarining 80 yilliklari keng nishonlandi.
Ushbu hayotbaxsh sa’y-harakatlarni maftunkor mamlakatimiz va ma’rifatli xalqimizning bugungi erkin, ozod kunlarimiz uchun hayotlarini baxsh etgan jadid bobolarimiz xotirasiga bo‘lgan beqiyos ehtiromida teran his qilish mumkin. 2020 yilning 30 sentyabrida davlatimiz rahbarining maxsus Farmoniga binoan jadidchilik harakatining sarbonlaridan Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonovlarga vafotlaridan keyin “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni berildi. Joriy yilda Prezident qaroriga ko‘ra Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi keng nishonlanmoqda.
2021 yilda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston xalq shoirlari J.Jabborov, T.Nizom, O.Matjon, H.Xudoyberdiyeva, O‘zbekiston xalq yozuvchilari O‘.Umarbekov, N.Aminov, Sh.Xolmirzayev, davlat mukofoti laureati O.Muxtor, taniqli shoirlar Sh.Rahmon va M.Rahmonlarga vafotlaridan keyin mamlakatimizning mo‘’tabar ordenlari berildi. Yaqinda, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 23 avgust kungi Farmoniga binoan esa O‘zbekiston xalq shoirlari Q.Muhammadiy, T.Sulaymon, R.Parfi, A.Obidjon, M.Yusuf, akademik A.Rustamov, taniqli tarjimon va munaqqid T.Jalolov, taniqli adib V.G‘afurov, filologiya fanlari doktori, professor B.Qosimovlar vafotlaridan keyin Vatanning nufuzli ordenlari bilan taqdirlandilar. Xalqimizda o‘tganlarning ruhi nurafshon bo‘lsa, bugungi kun egalarining yo‘llari ravon bo‘ladi, degan hikmatli so‘z bor. Bugun qizil saltanat terroridan aziyat chekkan ulkan munaqqid, buyuk A.Navoiy adabiy merosiga bag‘ishlangan “Xamsa talqinlari”dek monumental tadqiqot, “O‘zbek shoirlari” nomli ikki jildlik salmoqli tazkira, ulug‘ Pahlavon Mahmud ruboiylari, atoqli hind adibi R.Tagor romanlarining talantli tarjimoni To‘xtasin Jalolov ruhi behad shod bo‘ldi. Biz u kishini Toshkentning Navoiy ko‘chasidagi 30-sonli noshirlar uyida tushkun qiyofada ehtiyotkorlik bilan odimlab yurganini bir necha bor ko‘rganmiz. Akademik adiblardan Oybek domla, ulkan shoir G‘afur G‘ulom T.Jalolov asarlariga yuqori baho berganlar.
Yigirmanchi asr o‘zbek nasrida igna bilan quduq qazgan atoqli adib Vali G‘afurov asarlarining kafolatli o‘rni bor. U O‘rta Osiyo davlat dorilfununini tugatgach, Samarqand viloyati maktablaridan birida muallimlik qiladi. Qalb amri bilan Ikkinchi jahon urushida ishtirok etib, 1943 yilning oktyabrida yaralanib, ko‘zlaridan ayriladi. Urushdan qaytgach, ko‘zi ojizlar jamiyatida tashkilotchilik ishlari bilan shug‘ullanish barobarida “Vafodor” romanini yozadi. Bu ishda unga ustozi, atoqli adib Shuhrat yaqindan yordam beradi va asar 1961 yili “Sharq yulduzi” jurnali va alohida kitob orqali mushtariylar mulkiga aylanadi. Roman 1968 yili “Zvezda Vostoka” jurnalida bosilgach, o‘qirmanlar jo‘g‘rofiyasi yanada kengayadi. Mashaqqatli mehnat evaziga yuzaga chiqqan roman 2020 yilda Yozuvchilar uyushmasi “Ijod” fondi tomonidan qayta bosildi.
Davlatimiz rahbarining yuqorida qayd qilingan Farmoniga binoan atoqli adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi (1999), filologiya fanlari doktori (1984), professor (1986) Begali Qosimov (1942.19.12. — 2004.25.9.) vafotidan keyin nufuzli orden bilan taqdirlandi. Atoqli ustozimiz, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, mustaqil mamlakatimiz davlat madhiyasi muallifi Abdulla Oripovning dorilfunundosh do‘sti, qadrdon bo‘lgani uchun biz u kishini yaxshi bilar edik. U kishi mazkur universitetda oddiy o‘qituvchilikdan boshlab prorektor darajasigacha bo‘lgan sharafli yo‘lni bosib o‘tdi. Ilmiy faoliyati davomida 30 ga yaqin kitob va 300 dan ortiq mag‘zi to‘q maqolalar e’lon qildi. Bu ilmiy tadqiqotlar o‘zbek mumtoz adabiyoti va adabiy aloqalar, o‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasi masalalariga, matnshunoslikka, jadidchilik hamda jadid adabiyotini o‘rganishga, eng muhimi Yassaviy, Navoiy, Bobur adabiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangani bilan qadrlidir. U yigirmanchi asr o‘zbek adabiyoti muammolari, shu davr namoyandalari haqida «Mirmuhsin Shermuhamedov» (1967), «Abdulla Avloniy» (1979), «Ma’rifat darg‘alari» (U.Dolimov bilan hamkorlikda, 1990). «Ismoilbek Gasprali» (1992) kabi bebaho asarlarni, bir necha darsliklarni yozdi. Biz bunday iliq gaplarni hayotligida o‘zimiz ko‘rgan va bilan atoqli so‘z zargarlari Q.Muhammadiy, T.Sulaymon, R.Parfi, M.Yusuf va boshqalar haqida ham bemalol ayta olamiz.
Yangi O‘zbekiston o‘zining bugungi adiblarini ham ardoqlamoqda. 27 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Davlat mukofoti laureati, Xalq shoiri, senator Sirojiddin Sayyidga “El-yurt hurmati” ordenini, turkiy dunyoda tan olingan so‘z zargari Baxtiyor Genjamuratga “O‘zbekiston xalq shoiri”, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, taniqli shoira Farid Afro‘zga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi”, “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari Bosh muharriri, senator Husanjon Ermatov, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘jayevga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvonlarining guvohnomalarini topshirdilar. Mamlakat ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan qator zahmatkashlar yuksak unvonlar, nufuzli ordenlar va medallar sohibi bo‘ldilar. Chinakam e’tirof esa umrga umr, ilhomga ilhom, shijoatga shijoat qo‘shadi!
Yangiboy QO‘CHQOROV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,
Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist