Shu kunlarda eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – diyorimiz mustaqilligining 34 yilligi barcha hududlarimizda keng nishonlanmoqda. Ular orasida yirik ishlab chiqarish korxonalarida o‘tkazilayotgan madaniy tadbirlar alohida ahamiyat kasb etadi.
Kuni kecha poytaxtimizda joylashgan “AsiaTrans Gas” MCHJ QK bosh idorasida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Erta tongdan mehmonlarni bayramona muhit qamrab oldi: karnay-surnay sadolari ushbu ulug‘ ayyomga o‘zgacha zeb berib, barchaning ko‘ngli quvonch va faxrga to‘ldi. Tadbir avvalida mazkur korxona bosh direktori Lyu Chjiguan nutq so‘zlab, ishtirokchilarni ushbu shodiyona kun bilan tabrikladi.

– O‘zbekiston o‘z taraqqiyot yo‘lining o‘ttiz to‘rt yili davomida siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda salmoqli yutuqlarga erishdi, -dedi u o‘z nutqida.– Ana shunday qulay sharoitda kompaniyamizning barqaror rivojlanishi yo‘lida biz ham sa’y-harakat qilyapmiz. Bugungi yutuqlarimiz nafaqat butun jamoaning fidokorona mehnati natijasi, balki Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam do‘stlikning yorqin isbotidir. Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, kompaniyamiz tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar Xitoy-O‘zbekiston hamkorligining namunasi bo‘lib, madaniyatlar uyg‘unligining betakror jozibasini yaqqol namoyon etmoqda.

Quvonarli jihati, kompaniya xodimlari konsert dasturi davomida madaniy xilma-xillik va birlikning yorqin timsolini namoyish etishdi. Mehmonlarda ayniqsa, Buxoroning an’anaviy “Mavrigi” raqsi hamda o‘zbek va xitoy vakillari tomonidan ijro etilgan “O‘zbekiston – Vatanim manim” qo‘shig‘i katta taassurot qoldirdi. Qolaversa, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, doira ustasi Abbos Qosimovning chiqishi tantanaga zavq va milliy rang-baranglik bag‘ishladi.

Yig‘in ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otgan jihatlardan yana biri bu – tandirda somsa tayyorlash bo‘yicha o‘tkazilgan mahorat darsi bo‘ldi.
– Bu shunchaki oshpazlik emas, balki xalqlarimizni birlashtiradigan madaniyat, -dedi mazkur kompaniya xodimi Lin Si. – Bugun men birinchi marta o‘zim somsa tayyorladim, ishonasizmi, bu men uchun chinakam kashfiyot bo‘ldi.

Shuningdek, tadbirda usta-hunarmandlar mahsulotlari ko‘rgazmasi ham alohida e’tirof etildi. Ko‘rgazmada milliy liboslarimiz, turli kulolchilik buyumlari, o‘zbek naqshlari tasvirlangan so‘zana hamda kitoblar uchun ishlangan lavh namoyish etildi. Bu ijod namunalarida o‘zbek xalqining boy tarixi va qadriyatlari yaqqol seziladi.
Anjumanning eng ajoyib lahzasi esa mehmonlarni palov bilan mehmon qilish bo‘ldi, deyish mumkin.
– O‘zbekcha osh bu millatimizning do‘stlik va mehmondo‘stlik ramzi, - dedi kompaniya xodimasi Nargiza Abutolipova. – Biz hammamiz bir dasturxon atrofida o‘zimizni yagona jamoa sifatida his qilamiz.
Tadbir yakunida barchaning yuzida tabassum, ko‘nglida g‘urur va faxr ifodasi aks etdi. Bayramona ruh, do‘stona muloqot va madaniy uyg‘unlik baxsh etgan ushbu tantana nafaqat kompaniya xodimlari, balki barcha tashrif buyuruvchilarda ham unutilmas taassurot qoldirdi. Bu kabi uchrashuvlar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlab, madaniy almashinuv va hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/oUu6Jsy6LR8" title="“Asia Trans Gas”da O‘zbekiston Mustaqilligining 34 yilligi nishonlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Aziza Alimova, Doniyor Yakubov (video), O‘zA