Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ashxobod sammiti: mintaqaviy masalalarni yechishda yangi yondashuv
17:28 / 2023-08-08

Yangi O‘zbekistonning mintaqaviy tashqi siyosat yo‘nalishi oqilona, strategik jihatdan ishonchli xususiyatga ega.

Mazkur yo‘nalishning asosiy natijasi o‘laroq, Markaziy Osiyoda siyosiy vaziyat tubdan o‘zgarib, mintaqada chinakam yaqin qo‘shnichilik ruhi shakllandi hamda O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar hayotiy zarur umummintaqaviy masalalarni hal qilish borasida bahamjihat ish yuritishni yangi bosqichga olib chiqdilar.

Ayniqsa, mintaqa davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini muntazam ravishda o‘tkazib borish haqidagi tashabbus amalga oshirilib, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmanistonda sammitlar o‘tkazildi. Shuningdek, iqtisodiy forumlar doimiy asosda tashkil etilmoqda. Savdo-iqtisodiy aloqalar, sanoat kooperatsiyasi, madaniy-gumanitar munosabatlar jadal rivojlanmoqda. Ushbu jarayonlarning mantiqiy davomi sifatida, joriy yilning 4 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ashxobod shahrida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida hamda Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon ishtirokida o‘tgan uch tomonlama sammitda ishtirok etishi va mintaqaning umumiy muammolarini hal etish bo‘yicha ustuvor takliflarning ilgari surilishi mamlakatimiz tashqi siyosati kun tartibidagi muhim voqealardan biri bo‘ldi.  

Birinchidan, ushbu sammit unda bir qator ikki tomonlama hamda bugungi kunning dolzarb mintaqaviy masalalarni muhokama qilinishi bilan farq qildi. Jumladan, suv resurslaridan oqilona foydalanish, energetika sohasini rivojlantirish, transport-logistika salohiyatini oshirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Ushbu sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha o‘zaro muloqot o‘tkazilib, umumiy maqsadga kelindi.  

Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyodagi yangi xavf-xatarlarga e’tibor qaratib, ularga munosib va chuqur o‘ylangan javoblarni birgalikda izlash zarurligini ko‘rsatib o‘tdi. Mintaqadagi asosiy muammolardan biri, bu – suv tanqisligi muammosi bo‘lib, keyingi yillarda uning keskin tus olishi nihoyatda muhim va u, albatta, tezkor yechimni talab etadi. Davlatimiz rahbari tomonidan ushbu muammoni bartaraf etish bo‘yicha, suv tejaydigan ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, hamda irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, suv resurslarini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish, sel va toshqin suvlarini to‘plash va saqlash uchun infratuzilmani birgalikda rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni faollashtirish takliflari ilgari surildi va har tomonlama muhokama qilinib tegishli yondashuvlar ishlab chiqildi.  

Uchinchidan, Prezidentimiz tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida energetika sohasida, shu jumladan energiya resurslarini yetkazib berish va ularning tranziti borasida yaqin, samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi. O‘z navbatida, mintaqa davlatlarining “yashil” iqtisodiyotga o‘tishga intilishi mushtarak ekani hisobga olinib, gidro va issiqlik energetikasida loyihalarni birgalikda amalga oshirish tashabbusi ilgari surildi va ularni amalga oshirish bo‘yicha davlat rahbarlari tomonidan tegishli tashkilotlarga topshiriqlar berildi.  

To‘rtinchidan, mintaqada, o‘zaro integratsiyalashgan transport infratuzilmasini yaratish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Davlatimiz rahbari “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron” yo‘lagining rivojlantirilishi, Transkaspiy yo‘nalishi salohiyatining ishga solinishi Markaziy Osiyoning “Sharq – G‘arb” va “Shimol – Janub” xalqaro yo‘laklaridagi tranzit markazi sifatidagi jozibadorligining oshirilishiga ishonch bildirdi. Shu maqsadda xalqaro yuk tashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish, raqamlashtirishni jadallashtirish va nazorat-o‘tkazish maskanlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish yo‘lida birgalikda ishlash taklif qilindi.  

Beshinchidan, mintaqadagi bugungi dolzarb masalalarni yechishda xalqaro tashkilotlar, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish va mintaqa mamlakatlari tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi. Shuningdek, sammit ishtirokchilari madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar, tegishli davlat tuzilmalari va jamoat birlashmalari, ilmiy markazlar, oliy ta’lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari, madaniyat va san’at xodimlari o‘rtasidagi aloqalar muhimligini ta’kidlab, ushbu jarayonlarning samarali mexanizmlarini shakllantirish va chuqurlashtirish bo‘yicha kelishib oldilar.  

Sammitning samarali o‘tishida davlatimiz rahbari tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasi O‘zbekistonning milliy manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lgan mamlakat tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolayotgani bir necha bor ta’kidlanishi, shuningdek , mintaqa mamlakatlarini umumiy tarix, madaniyat va qadriyatlar, til va urf-odatlarning yaqinligi bog‘lab turadi, bu esa respublikalar o‘rtasidagi mustahkam hamkorlikka xizmat qilishi haqidagi fikrlari amaliy ahamiyat kasb etdi.  

Saodat Ubaydullayeva

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti

Siyosiy fanlar doktori