O‘zbekiston ilmiy va madaniy merosining yetuk vakillaridan biri bo‘lgan Muhammad Vafo Karminagiy XVIII asrning mashhur tarixnavis olimlaridan sanaladi. Uning Ashtarxoniylar davri tarixini yorituvchi asarlari o‘sha davr voqealarini oydinlashtirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, “Tuhfai xoniy” nomli mashhur asari bo‘lib, u mang‘itlar sulolasi asoschisi Muhammad Rahim topshirig‘iga binoan tayyorlagan.
Shu maqsadda yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan “Muhammad Vafo Karminagiy” media loyihasi tarixiy manbalarni ilmiy asosda tadqiq etish, keng jamoatchilikka taqdim etish hamda yosh avlodga boy madaniy merosimizni yetkazish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi. Loyiha doirasida Karminagiyning ilmiy ishlari o‘rganilib, u haqidagi ma’lumotlar keng ommaga yetkaziladi. Shu bilan birga, tadqiqot natijalari asosida ilmiy ishlanmalar tayyorlanadi va muzey ekspozitsiyalariga kontentlar ishlab chiqiladi, deyiladi Islom sivilizatsiyasi markazi ma’lumotida.
Loyiha tarixiy merosni raqamlashtirish, ilmiy maqolalar chop etish, multimedia materiallari yaratish kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Bu esa Muhammad Vafo Karminagiyning ilmiy faoliyatini chuqurroq o‘rganish va kelajak avlodga yetkazishda katta ahamiyat kasb etadi.
A.RUSTAMOV, O‘zA