Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Asalning daromadi totli
12:28 / 2024-05-14

Farg‘ona viloyatida ishning ko‘zini bilib, oila daromadiga hissa qo‘shayotgan, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan yoshlar ko‘p. Qo‘shtepa tumanidagi Loyson mahallasida yashovchi Abdurashid Azimov ham shulardan biri. U maktabda o‘qib yurgan davrida o‘rtog‘i Shahriyorning uyidagi asalarini ko‘rib, unga qiziqib qoldi. Darsdan keyin tez-tez ularnikiga boradigan bo‘ldi. Shahriyorning dadasi Nasrullo aka esa undagi qiziqishni payqab, “Agar darsdan bo‘sh vaqtingda kelsang, bu ishni senga ham o‘rgataman. Mehnati kam, lekin daromadi juda yaxshi. O‘rganib olsang, uyingdagilar bilan qarayverasan” dedi.

Asalari parvarishlashni o‘rganishga kirishgan Abdurashid o‘shanda 13 yoshda edi. Bolakayning qiziqishi kundan kun ortib bordi. Asalarichilikka mehrini berib, sabr-toqat bilan hech erinmay ustozi Nasrullo Hoshimovdan ko‘p narsani o‘rgandi.  

Farzandidagi asalarichilikka bo‘lgan qiziqishni ko‘rgan ota-onasi 2018 yilga kelib, o‘zlariga 5 ta qutida 15 ta asalari oilasini sotib olishdi. Ota-onasining shartiga ko‘ra, asalarilarga qarash bilan birga maktabdagi darslarni qoldirmay, a’lo baholarga o‘qishi kerak edi. 15 yoshli bolakay so‘zida turib, maktabda ham yaxshi o‘qidi. Darsdan keyin vaqtini behuda o‘tkazmay asalari parvarishlash bilan shug‘ullandi.  

Oradan bir necha yil o‘tib, Abdurashid Azimov 21 yoshga to‘ldi. Lekin yosh bo‘lishiga qaramay asalarichilikda anchagina tajriba orttirdi. Parvarishlayotgan asalari oilasi esa 120 taga yetdi. Hozir u nafaqat asalarichilik mahsulotlari yetishtirmoqda, balki tajribali ustozi yordamida asalari paketlarini sotish bilan ham shug‘ullanib, yiliga 40 million so‘mdan ortiq daromad topadi. Qolaversa, shu sohada bilimini oshirish maqsadida Farg‘ona davlat universitetining agrar qo‘shma fakultetida zooinjeneriya: asalarichilik mutaxassisligi bo‘yicha 3-kursda tahsil olmoqda.  

– Ota-onamga yordam bo‘lsin, deb uch yildirki, o‘qishimning to‘lovini topayotgan daromadimdan to‘layman. Ortganini esa ro‘zg‘orning kam-ko‘stiga ishlatamiz, – deydi Abdurashid.  

Asalarini bejiz yetti xazinaning biri deyishmas ekan.  

Abdurashid bilan suhbatlashib, biz bunga amin bo‘ldik.  

– Asalari juda mehnatkash va intizomli hasharot bo‘ladi, – deydi o‘z tajribalarini biz bilan o‘rtoqlashgan yosh asalarichi. – Ularni tomosha qilishning o‘zi maroqli. Har biri o‘z vazifasi, ishini yaxshi biladi va undan og‘ishmaydi. Ishchisi ishlaydi, qo‘riqchisi qo‘riqlaydi, ona asalari ko‘payish jarayoni markazida bo‘ladi. Bilasizmi, ular tozalikni juda yaxshi ko‘radi va shunga qat’iy rioya qiladi. Har bir quti ichida o‘zining maxsus tozalovchi arilari bo‘ladi. Uyadagi barcha chiqit, keraksiz narsalarni yig‘ib, quti ichining bir chetiga uyib qo‘yishadi. Biz esa ularni olib tashlaymiz. Yana qiziq tomoni, qanot chiqarib ucha boshlagan ishchi arilar bir kun oldin tinmay quti atrofida aylanib uchadi va uzoqqa ketmaydi. Ertasidan esa, qolganlariga o‘xshab, ishga chiqib ketadi. Ishchi asalari 40 kuncha umr ko‘rsa, ona asalari ikki yilcha yashaydi. Mahsuldorligi pasaya boshlagach, yosh ona asalarilariga almashtiriladi.  

Yosh bo‘lishiga qaramay asalari parvarishlashda 8 yillik tajribaga ega bo‘lgan Abdurashid asalarilarini uylariga yaqin bog‘larda, jiyda gulida cho‘l hududlarida, paxta gulida esa dala maydonlariga yaqin joylarda parvarishlaydi. Uning maqsadi o‘qishni tugatgach asalarichilik sohasini rivojlantirish yo‘lida ilmiy ish bilan shug‘ullanish va faoliyatini yanada kengaytirish.  

Ba’zan yoshlarning “yaxshi ish yo‘q”, deya nolishi tez-tez quloqqa chalinadi. Lekin oramizda Abdurashid Azimov singari chekka qishloqdagi kichik imkoniyatlardan foydalanib, katta tadbirkorlikka qo‘l urgani tengdoshlariga ibrat bo‘la oladi.  

 

M.Sulaymonov,  

O‘zA muxbiri