Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Asalarichilikka bag‘ishlangan yarim asrlik hayot
09:32 / 2026-01-26

Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida istiqomat qiluvchi tajribali asalarichi G‘anijon Yo‘ldoshev qariyb ellik yildan buyon asalarichilik bilan shug‘ullanib kelmoqda. Uning mehnati, sabri va tabiatga bo‘lgan mehri samarasi o‘laroq, bugun «Tolibjon G‘anijon asalarichi» fermer xo‘jaligi mahalliy bozorni tabiiy va shifobaxsh asal mahsulotlari bilan ta’minlab kelmoqda.

Ayni paytda xo‘jalik tasarrufida 400 dan ortiq asalari qutisi mavjud bo‘lib, asalarichilar oilasi har yili o‘rtacha 5–6 tonna sifatli, darmondorilarga boy asal mahsulotini iste’molchilarga yetkazib bermoqda. Bu natija nafaqat oilaviy mehnat samarasi, balki asalarichilikka ilmiy yondashuvning amaliy ifodasidir.

Zamonaviy talablarga mos ish yuritish maqsadida G‘anijon ota Yevropa va Osiyoning o‘nlab davlatlari asalarichilari bilan tajriba almashuvni yo‘lga qo‘ygan. Ilg‘or xorijiy usullarni mahalliy sharoitga moslashtirgan holda qo‘llashi mahsulot sifatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Bugun 71 yoshni qarshilagan asalarichi 3 nafar farzandi va 16 nafar nabirasi bilan birga suyukli kasbini mehr bilan davom ettirmoqda. Xonadonida tashkil etilgan kichik ilmiy-amaliy laboratoriyada asalarichilikning nozik jihatlari o‘rganilib, mahalladoshlar va kasbga qiziquvchi yoshlarga saboqlar berib kelinmoqda. Ayni paytda 15 nafardan ortiq yoshlar G‘anijon otadan amaliy tajriba olmoqda.

— Xonadonimizda gul asali, meva asali, tog‘ asali, paxta asali kabi o‘nlab turdagi mahsulotlar mavjud, — deydi G‘anijon Yo‘ldoshev. — Asal so‘rab kelgan har bir kishiga sog‘lom turmush tarzi va salomatlik holatidan kelib chiqqan holda eng maqbul turini tavsiya etamiz.

Shuningdek, asalarichi Farg‘ona vodiysi hamda Jizzax viloyatining Zomin va Baxmal tumanlaridagi asalarichilar bilan ham yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Bahor va yoz oylarida yurtimizning so‘lim hududlarida asal yig‘ish ishlari olib boriladi. Shu bilan birga, oilaga ajratilgan 30 sotix yer maydonida turli gulzorlar barpo etilgan bo‘lib, bu asal sifatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/mmnYkhJZuOM?si=YKm24_CgaNWTxjfx" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muqimjon QODIROV(surat,video),O‘zA