Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Asalarichilikdan bir yilda 300 million sof daromad olgan namanganlik tadbirkor
11:50 / 2022-03-24

Asalarichilik nafaqat insonlar sog‘lig‘i uchun foydali, tadbirkorlar uchun serdaromad biznes hisoblanadi.

Bundan 4-5 yil oldin mamlakatimizda asalarichilik sohasi e’tibordan chetda qolgan edi. bugungi kunda mamlakatimizda ham mazkur sohaga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2017 yil 16 oktyabridagi “Respublikada asalarichilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan inqirozga kelib qolgan soha qayta jonlandi. 



2017 yilda asalarichilik bilan shug‘ullanayotgan sub’ektlar soni 11 minggani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 19 mingtaga yetgan. Mamlakatimizda parvarish qilinayotgan asalari oilalari soni keyingi to‘rt yilda 2 barobarga ko‘payib, 1 mln 100 mingtaga yetkazildi. Shuningdek, asal yetishtirish hajmi 15 ming 300 tonnadan 25 ming 76 tonnaga yetkazildi. 

Shu to‘rt yil davomida asalari paketlari eksporti uch barobarga oshgan va 2021 yilda 311 ming dona asalari paketlari eksport qilinishiga erishilgan. E’tiborlisi bu sohada yirik tadbirkorlik sub’ektlari shakllandi. Qolaversa, sanoat usulida mahsulot yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. 

Bundan tashqari, mamlakatimizda asalari boqish istagini bildirayotgan fuqarolar ko‘paymoqda. Birgina 2021 yilda respublika bo‘yicha asalari boqish istagini bildirgan fuqarolarga tijorat banklari tomonidan ajratilgan 320 milliard so‘mlik kreditlar hisobiga 12 ming 129 ta xonadonlarga asalari oilalari yetkazib berildi va mazkur xonadon egalari bandligi hamda barqaror daromad manbai bilan ta’minlandi. 

“O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasi Namangan viloyat bo‘limining rahbari Ayubxon Toshboyevning aytishicha, Namangan viloyati asalarichilik  sohasida mamlakatimizda yetakchi o‘rinni tutib kelayotgan viloyat hisoblanadi. bugungi kunda viloyatda yakka tartibda asalari boquvchi, asalarichilik mahsulotlarini eksportini yo‘lga qo‘ygan fermer xo‘jaligi va mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi 2 mingdan ziyod sub’ekt asalarichilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari mazkur sub’ektlar tomonidan nafaqat asalarichilik mahsulotlari yetishtirilmoqda, balki juda katta miqdorda asalari paketlari Rossiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston davlatlariga eksport qilinmoqda. 

O‘tgan yilda respublika miqyosida 311 mingdan ortiq asalari paketi eksport qilingan bo‘lsa, shundan 209 mingtasi Namangan viloyat hissasiga to‘g‘ri kelgani ham viloyatning asalarichilik salohiyati yuqoriligini ko‘rsatadi. 

Shuningdek, namanganlik asalarichilar erishayotgan yuqori natijalarni mamlakat miqyosida munosib e’tirof topayotgani quvonarli.  Ayniqsa, asalari paketlari eksporti bo‘yicha amalga ishlar e’tiborga loyiq. 

Hakim Yo‘ldoshev rahbarlik qilayotgan “Lolabegim” mas’uliyati cheklangan jamiyati boy tajribaga ega, ya’ni 30 yildan buyon asalarichilik bilan shug‘ullanib kelayotir. 

– Asalari boqish bizga otamizdan meros. bugungi kunda  4 mingdan ortiq asalari oilalarini parvarish qilyapmiz. Hozirgi kunda yig‘irmadan ortiq ishsiz fuqarolarni ish bilan ta’minladik. Bundan tashqari ish mavsumida har yili 200 dan ortiq ishchilarni yollaymiz. O‘tgan yili 50 tonna asal yetishtirdik. Bundan tashqari ishsiz, asalarichilikka qiziqishi bor fuqarolarga asalari oilalari tarqatgan edik. Ular bizga 20 tonna asal mahsulotlarini sotdi. 70 tonna asal yetishtirdik. Bundan tashqari 20 mingdan ortiq asalari paketlarini Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlariga eksport qildik. 

O‘tgan yilda barcha xarajatlardan tashqari 300 million sof daromad oldik. Shu yilda asalarilarimizni 10 ming oilaga yetkazishni rejalashtiryapmiz. Ayni vaqtda 30 mingdan ortiq asalari paketini Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya davlatlariga eksportga tayyorlayapmiz. Bundan tashqari “Asallar olami” markazimizda asalarichilik mahsulotlarini yetishtirish, asalarichilik jihoz va asbob-uskunalari ishlab chiqariladi. 

Shu bilan birga, yosh asalarichilarga asalarini parvarishlash, uning kasalliklariga qarshi profilaktika, nazariy hamda amaliy masalalarda ko‘maklashib kelyapmiz. Asalarichilik kambag‘al oilalarni daromadli oilaga aylantirishiga hech shubham yo‘q. 100 ta asalari oilasini parvarish qilsa, bitta oilani bemalol boqadi. 

Bitta asalari oilasi yaxshi parvarish qilinsa, 15 kilodan 30 kilogacha asal beradi. Yuzta asalari oilasidan o‘rtacha 2 tonna asal olinadi. Bozorlarda bir kilogramm asalning narxi 50 ming so‘m. Sof daromad 100 million so‘m bo‘lar ekan. Shu soha orqasidan juda ko‘p natijalarga erishdim. Oila tebratdim, farzandlarimni o‘qitdim, yangi uylar qurdik, yangi mashinalar, texnikalar oldik. Ota-onamni Haj, Umra safarlariga yubordim, – deydi “Lolabegim” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Hakim Yo‘ldoshev. 

Yana bir ma’lumot. “Lolabegim” mas’uliyati cheklangan jamiyatida “Asallar olami” nomli markaz tashkil etilib, asalari mumini qayta ishlash, tayyorlab berish, yashiklar yasash, asal olish uskunalari va boshqa texnik jihozlar sotuvi yo‘lga qo‘yilgan. Kelgusida tadbirkor, tibbiyotda asalariga chaqtirib davolash muolajaxonasini ochishni rejalashtirmoqda. 

Namangan shahar Davlatobod tumani “Gulobod” mahalla fuqarolar yig‘ini viloyatdagi asalarichilik sohasining drayveri hisoblanadi. Bu mahallada ishsiz aholini topish mushkul. Deyarli har bir xonadon asalarichilik bilan shug‘ullanadi. 

– Asalarichilik sohasi bilan shug‘ullanganimizga o‘n yil bo‘ldi, –deydi asalarichi Abdumalik Ergashev. – Birinchi yili ishni 10 asalari oilasi bilan boshlaganmiz. bugungi kunda mingga yaqin asalari oilalarini parvarish qilyapmiz. O‘tgan yili 8 tonna asal oldik. Bundan tashqari 1000 ta oila asalari paketlari eksport qildik. Bundan 150 million daromad qildik. Bundan tashqari asalarichilikning nasldorligi bilan ham shug‘ullanamiz. Bundan ham yaxshi daromad topsa bo‘ladi. O‘tgan yilda 6 mingta ona asalari sotdik. Ayni bahor mavsumida asalarilarimiz yana ko‘paygan. Hozir ayni vaqtda asalari paketlarini xorijga eksportga tayyorlayapmiz.... 

Mazkur mahallada yurar ekanmiz, e’tiborimizni bir jihat tortdi. Hokim yordamchilari tomonidan mazkur mahalladagi barcha xonadonlar darvozasiga xonadon pasporti ilingan. Unda xonadon sohiblari nima ish bilan shug‘ullanishidan tortib, topayotgan daromadi haqida ma’lumot bor.   

Asalarichilik sohasining yanada rivojlantir, shu sohaga qiziqishi bor yoshlarga nazariy va amaliy bilimlarni o‘rgatish maqsadida Namangan viloyat Yangiqo‘rg‘on tumani 2-sonli kasb-hunar maktabida asalarichilik markazi tashkil etilgan. 

– Bizning ta’lim muassasamizda 2018 yildan boshlab asalarichilik sohasida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan, – deydi Namangan viloyat Yangiqo‘rg‘on tumanidagi qishloq xo‘jalik kasb-hunar maktabi direktori Doniyor Otamirzayev. – Ta’lim muassasamizda mazkur sohani o‘qitish uchun barcha o‘quv qo‘llanmalar mavjud. Bundan tashqari amaliy mashg‘ulot o‘tish uchun mashg‘ulot maydonlari, laboratoriyalar, asbob uskunalar o‘quvchilarga ta’lim berishga yetarli. Malakali, ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan o‘qituvchilar asalarichilik sir-asrorlarini o‘quvchilarga o‘rgatmoqda. Hozirgi kungacha 200 nafar yoshni asalarichilik sohasiga o‘qitgan bo‘lsak,  shu yerda yuzdan ortig‘i asalarichilik sohasida berilgan imkoniyatlaridan foydalanib, imtiyozli kreditlar oldi, o‘zlarining asalarichilik tomorqa yer xo‘jaliklarini yurityapti. 

Bir so‘z bilan aytganda, viloyatda asalarichilikni rivojlantirish borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Muhimi sohada yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish borasida izchil izlanishlar olib borilmoqda. Yangiqo‘rg‘on tumanidagi qishloq xo‘jalik kasb-hunar maktabida asalarichilik yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani soha rivoji yo‘lidagi eng muhim qadamlardan biri bo‘lmoqda. 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA