O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Asalarichilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va qishloq xo‘jaligi ekinlarini asalari bilan changlatishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2023 yilda 200 ming gektar maydonda paxta hosildorligni oshirish uchun g‘o‘zani asalari bilan changlatish agrotexnikasi qo‘llaniladi.
Qarorga ko‘ra, Asalarichilik sanoat markazi tashkil etiladi va kooperatsiya asosida aholi xonadonlarini asalarichilikka ixtisoslashtirish, asalari oilalarini yetishtirish, Asalarichilik sanoat markazida asal sotish do‘konlari, asal mahsulotini qayta ishlash, qadoqlash, asalarichilik asbob-anjomlari va jihozlarini ishlab chiqarish, mahalliy sharoitda ona asalarilarini yetishtirish, “ustoz – shogird” an’anasi asosida yoshlarni asalarichilik faoliyatiga jalb etish, asalarilarni turli kasalliklarga chalinishini oldini olish bo‘yicha veterinariya xizmatlari tashkil etiladi.
Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hokimliklari Asalarichilik sanoat markazi tashkil etiladigan hududlarni aniqlab, ushbu hududlar tarkibiga kiritilgan yer uchastkalarini asalarichilik sub’ektlariga belgilangan tartibda ajratib beradi.
O‘zA