Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Asalarichilik sohasidagi muammolar muhokama qilindi
16:31 / 2025-10-15

Asalarilar insoniyatga eng toza va shifobaxsh asal mahsulotini yetishtirib berish bilan birga, tabiatning eng muhim “ekologik xizmat ko‘rsatuvchisi” hamdir. Ya’ni, ular asal ishlab chiqarish barobarida millionlab gektar maydondagi ekinlarni changlatish orqali hosildorlikni oshirish va bioxilma-xillikni saqlab qolishga ham xizmat qiladi. Shu bois ham yurtimizda asalarichilik rivojiga ustuvor ahamiyat qaratib kelinadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi hamda Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish masalalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda asalarichilik sohasidagi mavjud muammolar, sohani barqaror rivojlantirish hamda qonunchilikni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda asalarichilikni rivojlantirish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va uning huquqiy asoslarini mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezidentimizning tegishli qarori bilan asalarichilik tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish, tarmoqda naslchilik ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, asalarichilik xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish, asalarichilik sohasidagi ilg‘or tajribalarni respublikamizning barcha hududlarida tatbiq etish maqsadida O‘zbekiston asalarichilari uyushmasi tashkil etildi.

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida “Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili" Davlat dasturiga muvofiq, asalari oilalari sonini mamlakat bo‘yicha 300 mingga yetkazish vazifasi belgilandi. Asalarichilikning rivojlanishi ekologik barqarorlikni ta’minlash, bioxilma-xillikni muhofaza qilish, qishloq xo‘jaligida tabiiy changlatishga ham xizmat qilib, mamlakat agrar salohiyatini oshirishda muhim omil bo‘ladi.

Tadbirda asalarichilik sohasida kuzatilayotgan bir qator muammo va kamchiliklar, jumladan, asal beruvchi o‘simliklar maydonlarining qisqarishi, nektarbop o‘simliklar soni kamayishi, qishloq xo‘jaligida pestitsidlar va agrokimyoviy moddalardan foydalanish oqibatida asalarilarning nobud bo‘lishi holatlariga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur holatlar nafaqat asalari populyatsiyasiga, balki qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi aytib o‘tildi. 

Muhokamalar davomida deputatlar va mutaxassislar tomonidan asalarichilik tarmog‘ini rivojlantirish, xususan, asalarichilarga imtiyozli kreditlar, subsidiyalar va soliq yengilliklari berish, asalarilar genofondini muhofaza qilish bo‘yicha ilmiy izlanishlarni olib borish va mahalliy zotlarni yaratish, asalarilar uchun muhim bo‘lgan o‘simlik turlarini ko‘paytirish, shuningdek, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar berildi. 

Muhtarama Komilova, O‘zA