Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Asalarichilik – qishloq xo‘jaligining daromadli tarmog‘i (+video)
16:55 / 2024-04-02

Gullardan gullarga qo‘nadigan mitti jonzot asalarilarning harakatlarini kuzatish insonga zavq bag‘ishlaydi. Uning bu harakati atrof-muhitga, o‘simliklar dunyosiga foyda keltiradi. Mehnatkash asalarilar gullar qiyg‘os ochilgan paytda nektar yig‘adi. Ularning tinimsiz mehnatlari natijasida asal mahsuloti yaratiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, asalari oilasi bir mavsumda 140-150 kilogrammgacha asal to‘playdi. Gullarni changlatishi esa, hosildorlikni oshiradi. Qayd etish kerakki, asalarichilik qishloq xo‘jaligining ajralmas, muhim tarmog‘i hisoblanadi. Mazkur soha asalari oilalarini ko‘paytirish, asal, mum, gulchangi va boshqa asalarichilik mahsulotlarini yetishtirish, qishloq xo‘jalik o‘simliklarini changlantirib, hosildorlikni oshirish va mevali daraxtlar hosili sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. Shuningdek, urug‘chilik xo‘jaliklarida urug‘lik unumli va sifatli bo‘lishida asalarilarning o‘rni beqiyos. 

2024-yilda asalarichilik sohasida amalga oshiriladigan ishlar haqida O‘zbekiston asalarichilari uyushmasi bosh mutaxassisi Navro‘z Barakayev batafsil so‘zlab berdi: 

– Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda mo‘l hosil olishda sabab bo‘luvchi ushbu omil tufayli asalari parvarishiga bo‘lgan qiziqish va talab yanada ortmoqda. Shu o‘rinda avvalgi holatlarni eslaydigan bo‘lsak, bu sohaga qiziqish bildirgan insonlar o‘zlari, boshqalardan tajriba almashgan holda yoki asalarichilik manbalaridan o‘rgangan holda o‘z bilganicha ish tutishgan. Bugungi kunda davlatimiz tomonidan asalarichilik sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani bois asalarichilik ish uslubida ham yangiliklar, rivojlangan xorij tajribasi va ilmiy yondashuvlar qo‘llanilmoqda. Jumladan, 2023-yilda O‘zbekiston asalarichilari uyushmasi tomonidan «Har bir oila – tadbirkor» davlat dasturi doirasida imtiyozli kredit mablag‘lari hisobiga 8 ming 614 ta aholi xonadonlarga 235 ming dona asalari oilalari yetkazib berilib aholi xonadonlarida asalari parvarishi yo‘lga qo‘yilgan. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/sjW5WVH_X1A" title="ASALARI" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 12-iyunda qabul qilingan qaroriga ko‘ra, asalarichilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va qishloq xo‘jaligi ekinlarini, ayniqsa, paxta maydonlarida g‘o‘zalarni asalarilar bilan changlatish agrotexnik tadbirlarini keng joriy etish ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, mazkur qarorga asosan asalarilar bilan changlantiradigan paxta maydonlari tumanlar va paxta-to‘qimachilik klasterlari kesimida belgilab chiqildi. Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 2024-yildan boshlab respublikamizdagi hosilga kirgan intensiv mevali bog‘larda shartnoma asosida asalarilar bilan changlatish agrotexnik tadbirlari amalga oshiriladi. 

Bundan tashqari, paxta-to‘qimachilik klasterlari va paxtachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklarining talabiga asosan paxta maydonlarida ham shartnoma asosida asalarilar bilan changlatish agrotexnik tadbirlari o‘tkaziladi. Asalarichilikni rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar asosida joriy yilda asalari oilalari soni 1 million 700 ming donaga yetkaziladi. Asal yetishtirish hajmini 35 ming 227 tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. 

O‘zA