English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Asalarichilik oilalarning muhim daromad manbaiga aylanmoqda
15:18 / 2023-10-02

Farg‘ona viloyatida asalarichilik xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish, asal mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi va turlarini yanada ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan o‘z samarasini bermoqda.

Bugungi kunda viloyat miqyosida asalarichilik sub’ektlari soni 2000 tadan ortib, 130 ming donadan ziyod qutida asalari oilasi parvarishlanyapti. Viloyatda yiliga jami 2 ming tonnadan ortiq asal mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Xorijga asalari oilasi eksporti esa yiliga 70 ming donani tashkil etmoqda. Bag‘dod tumanida ham ko‘plab oilalar asalarichilik bilan shug‘ullanib, yaxshi daromadga ega bo‘lmoqda.

“Chekxitoy” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Muhammadali aka Fozilov bolalikdan beri suyak yemirilishidan aziyat chekadi – ikkinchi guruh nogironligi bor. Ammo bu holat akaning hayotga bo‘lgan muhabbatini so‘ndirmagan, aksincha halol mehnat bilangina farovonlikka erishish mumkinligini xonadon sohibi yaxshi biladi.

Yaqinda mahalladagi hokim yordamchisi Muhammadali akaning tomorqasiga 3 quti asalari keltirib berdi.

–  Asalarichilik bo‘yicha hech qanday ma’lumotim yo‘q edi, lekin internet orqali kerakli tavsiyalarni olib, ozmi-ko‘pmi natijalarga erishyapman, - deydi Muhammadali aka. – Qachon ozuqasini berish kerak, qutining ichida harorat qanday bo‘lishi kerak – hammasini internetda yozib-o‘rgatib qo‘yibdi. Shu ishga mehr qo‘ysa, intilsa, harakat qilsa, yaxshigina daromad olish mumkin ekan.

“Chekxitoy”da ishsizlikni kamaytirish va norasmiy bandlik ulushini qisqartirish maqsadida asalarichilik kooperatsiyasi tashkil etildi. Mahalladagi hokim yordamchisi Nurmatjon G‘oziyevning aytishicha, mazkur kooperatsiya orqali 20 ta oilada ish bilan band bo‘lmagan a’zolarning bandligi ta’minlandi va xonadonlarda kasanachilik asosida yetishtirilgan asal mahsulotini “Bag‘dod zamin asali” mas’uliyati cheklangan jamiyati kelishilgan narxda xarid qilib oladi.

– 20 ta xonadonga 60 ta qutida, jami 180 ta asalari oilasi tarqatilgan, - deydi “Bag‘dod zamin asali” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, “Shuhrat” medali sohibi Abduvohid Ubaydullayev. – Boshlanishiga ozuqani o‘zimiz yetkazib beryapmiz, asalari parvarishini o‘rgatyapmiz. Keyinchalik mahsulotni o‘zimiz sotib olamiz. Bitta asalari oilasidan 700-800 ming so‘m foyda olish mumkin va bu daromad – fuqarolarniki!

M.Sulaymonov, O‘zA