Prezident topshirig‘i amalda
Mamlakatimizning tog‘li, qir-adirlari tabiiy iqlim sharoiti asalarichilik bilan shug‘ullanish uchun juda qulay. U joylardagi shifobaxsh, har dardga davo giyohlardan gul changidan yig‘ilgan asal esa inson uchun juda foydalidir.
Xalqimiz yetti xazinaning biri bo‘lgan asalarining foydasini yaxshi biladi. Shu tufayli hozir Toshkent viloyatining barcha hududlarida mazkur tarmoq xo‘jaligi ancha ommalashgan. Jumladan, Bo‘stonliq tumanida asalarichilik rivojlantirilmoqda.
Toshkent viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi va tuman hokimligi tomonidan tashkil etilgan press-turda mazkur sa’y-harakatlar bo‘yicha OAV vakillariga ma’lumot berildi.
Ma’lumki, joriy yil yanvar oyida Prezidentmiz raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026 yildagi asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida Bo‘stonliq tumanidagi Dumaloq mahallasida innovatsion asalarichilik xo‘jaligi kooperativi tashkil etilayotgani haqida aytilgan edi. Unga ko‘ra, hududdagi 50 nafar asalarichi Turkiyalik hamkorlar bilan sanoat usulida 20 turdagi mahsulot olish loyihasi amalga oshiriladi.
[gallery-27429]
Press-turda jurnalistlar asalarichilar uchun shu bo‘yicha tashkil etilgan seminarda qatnashdi. Unda asosiy e’tibor turkiyalik hamkorlar bilan birgalikda sanoat usulida asalarichilikni rivojlantirish, shuningdek, asal mahsulotlarini xorijga yagona brend asosida eksport qilish haqida batafsil ma’lumot berildi.
Seminarda asalarichilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tajribali asalarichilar bilan bir qatorda, ushbu sohada faoliyat boshlash istagida bo‘lgan fuqarolar ham qatnashdi. Loyihaga ko‘ra, dastlab 50 nafar tashabbuskor fuqaro asalarichilik kooperativiga birlashtiriladi.
Turkiyalik mutaxassislar tomonidan 310 nafar aholi shu sohadagi zamonaviy bilim va tajribalar asosida o‘qitiladi. Hududda yangi tashkil etiladigan asalarichilik markazi va korxona faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun 18 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi kutilgan.
Bu yerda 60 ta doimiy, mavsumda esa 500 ta ish o‘rni yaratiladi. Aholiga tarqatiladigan asalari uylari soni 2 mingtaga yetkaziladi. Bu sa’y-harakatlar orqali yillik ishlab chiqariladigan mahsulot 50 tonnaga, eksport hajmini 400 ming dollarga yetkazish maqsad qilingan.
– Muhimi, kooperativ a’zolari daromad kelishilgan holda bo‘lishi mumkin. Har bir qaror o‘zaro ovozga qo‘yish yo‘li bilan hal qilinadi. Hozir jahonda asalari mahsulotlariga talab yuqori. Masalan, ari suti, gul changi, ari zahri, propolis kabi mahsulotlar doim xaridorgir. Ularni muntazam yetkazib berishga ehtiyoj ortmoqda. O‘zbekiston sharoitida esa asal mahsulotlarini sanoat usulida qayta ishlash orqali yaxshi daromad olish mumkin. Bu sohada ko‘p yillik tajribaga egaman va boshlayotgan loyihamizda katta natijalar bo‘lishiga ishonaman, – deydi Turkiya asalarichilik fondi rahbari Jem Atay.
Uchrashuv davomida soha bo‘yicha zamonaviy texnologiyalar, ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulot turlarini ko‘paytirish, eksport imkoniyatlari hamda davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Press-tur davomida jurnalistlar tumanning Uenkulsoy mahallasida istiqomat qiluvchi, qariyb 40 yildan buyon asalarichilik bilan shug‘ullanib kelayotgan Begali Amirqulov xonadoniga bordi. Uzoq yillik mehnat va tajriba natijasida mazkur xonadon nafaqat yuqori sifatli asal yetishtirib kelmoqda. Bugungi kunda xonadon egalari asal yetishtirish bilan cheklanib qolmay, mahsulotni o‘z xonadonida qadoqlash va bozorga chiqarish tizimini ham yo‘lga qo‘ygan.
Mazkur faoliyat natijasida oyiga ishlab chiqarish xarajatlaridan tashqari o‘rtacha 20 million so‘mga yaqin sof daromad olinmoqda. Ayni paytda xonadonda 200 dan ortiq asalari qutilarida asalarilar parvarishlanib, mahsulot hajmini oshirish ustida izchil ishlar olib borilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Bo‘stonliq tumanida mavjud 55 ta mahallaning qariyb 20 tasi asalarichilik yo‘nalishiga ixtisoslashgan. O‘tgan yil ushbu yo‘nalishda faoliyat boshlagan 200 nafardan ortiq tashabbuskor fuqaroga imtiyozli kreditlar ajratilib, davlat tomonidan tizimli qo‘llab-quvvatlash ishlari amalga oshirildi.
Mazkur tashabbus aholi bandligini ta’minlash, daromad manbalarini kengaytirish hamda asalarichilikni iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biriga aylantirishga xizmat qilmoqda.
A.Musayev, O‘zA.