Asal Salimova xalqaro turnir g‘olibiga aylandi
Fransiyada “22 Open International de Noël de Mont-de-Marsan” xalqaro shaxmat turniri o‘tkazildi. Unda mamlakatimiz sharafini Asal Salimova ayollar yo‘nalishida himoya qildi.
Mon-de-Marsan shahridagi “Auberge Landaise” majmuasida tashkil etilgan musobaqa 9 raunddan iborat bo‘lib, vaqt nazorati 1 soat 30 daqiqa va har bir yurish uchun 30 soniya berildi.
Quvonarlisi, mukofot jamg‘armasi 5 ming 500 yevroni tashkil etgan ushbu turnirda Asal Salimova shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi va ming yevro mukofot puli bilan taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA