Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Asal bayrami” ko‘rgazma-yarmarkasi davom etmoqda
13:19 / 2025-12-09

Poytaxtimizda “Asal bayrami” milliy asalarichilik hamda oziq-ovqat mahsulotlari xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi davom etmoqda.

 

“O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilgan tadbir doirasida barcha viloyatlardan 400 dan ortiq asalarichilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi sub’ektlar va sohaning 1500 ga yaqin ilg‘or vakillari ishtirok etmoqda.  

Ko‘rgazma-yarmarkaga qatnashish uchun Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya davlatlaridan nufuzli mehmonlar, professor-olimlar hamda ko‘p yillik tajribaga ega mutaxassislar tashrif buyurgan.

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan an’anaviy asal yarmarkasi bu yil ham turli hududlardan kelgan asalarichilar va mehmonlarni bir maydonda jamladi. Bu yerda tabiiy asal savdosi bilan bir qatorda, asalarichilar uchun zarur uskunalar, turli hajmdagi uyalar va xizmatlar ham taqdim etildi.

Xorazm viloyati Gurlan tumanida asalarichilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor Azamat Amanov yarmarkaning faol ishtirokchilaridan biri. Uning xo‘jaligidagi 650 dan ortiq uyadan joriy yil mavsumida 6 tonna asal yetishtirilgan.

Asaldan tushgan 150 million so‘mlik sof daromad mehnatning samarasi ekanini ta’kidlagan tadbirkor mijozlar savollariga batafsil javob berib, asal turlari va uning foydali xususiyatlari haqida tushuntirish berdi.

Namanganlik yosh tadbirkor Jobirxon Alixonov 16 yosh bo‘lishiga qaramay 5 yildan beri asalarichilik bilan shug‘ullanib keladi. Kosonsoy tumanidagi politexnikumda shu yo‘nalishda tahsil olayotgan Jobirxon birinchi marta yarmarkada qatnashmoqda.

—Inson harakat qilsa, barakasi bo‘lar ekan. Bu yil asalarichilik faoliyatimdan 20 million so‘mga yaqin daromad qildim. Oilamga yordam, qolganini o‘qishimga sarflayapman, — deydi namanganlik yosh tadbirkor Jobirxon Alixonov. — Avvalo sabr qilish kerak. Asalarichilik tezda daromadga kiradigan tarmoq emas. Tozalik va qoidalarga qat’iy rioya qilish zarur. Uchinchidan, ilm — asalarilarni o‘rganish, uyalar parvarishi, yemish bazasi — bularning barchasini chuqur bilish kerak. Eng muhimi — mehr. Mehr bilan qilingan ish barakasi bilan keladi. Asalari uyalari sonini ko‘paytirish, yangi turdagi asal mahsulotlarini ishlab chiqarish, texnologik jihozlarni yangilash niyatidaman. Eksport borasida ham rejalarimiz bor. Namangan asalini dunyoga tanitishni maqsad qilganman.

Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 12 nafar asalarichi 1200 km masofani bosib o‘tib, yarmarkada ishtirok etmoqda. Shuningdek, yarmarkada Xorazm zaminida ushbu faoliyat bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar ham faol.

Xorazm viloyati Xonqa tumanida istiqomat qiluvchi Shahzodbek Shonazarov 20 yildan ziyod vaqtdan beri asalarichilik bilan shug‘ullanib keladi. U boshqarayotgan “Honey Yard” oilaviy korxonasi bu yil 3 tonnadan ziyod asal tayyorlagan.

—Bu yarmarkada uchinchi marotaba ishtirok etishim, — deydi Shahzodbek Shonazarov. — Ilgari 500 –700 kg. mahsulot olib kelgan bo‘lsak, bu yil 1 tonnadan ortiq asal bilan qatnashyapmiz. Yarmarkada yurtdoshlarimizga arzon va sifatli asal yetkazib berayotganimdan xursandman. Inson mehnatini asalarilar his qiladi deb bekorga aytilmaydi. Asalarichilik juda nozik soha. Har bir uya, har bir asalari alohida e’tibor talab qiladi. Tozalik, tabiiy muhit, sifatli o‘tlar — bularning barchasi ta’sir qiladi. Asal sof va tabiiy bo‘lishi uchun biz har bir jarayonga ehtiyotkorlik bilan yondashamiz. Xaridor haqli ravishda asal qayerdan kelgan, qanday olingan, nimasi bilan foydali ekanini bilishni istaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, asal yarmarkasi nafaqat savdo maydoni, balki tajriba almashish, yangi texnologiyalar bilan tanishish, turli hududdan kelgan asalarichilar mehnatini ko‘rish mumkin bo‘lgan muhim tadbir. Bu yerda katta yoki kichik tadbirkor bo‘lishidan qat’i nazar, har bir mehnatkashning sa’y-harakatlari, mehri va fidoyiligi aks etadi. Mehnatkash asalarichilar soni va asal hosili yildan-yilga ortib borishi yurtimizda soha rivoji uchun keng imkoniyatlar yaratilganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Ko‘rgazma-yarmarka 11 dekabrga qadar davom etadi.

Shahnoza Mamaturopova,

O‘zA