Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Asal bayrami” 21 dekabrga qadar uzaytirildi
14:02 / 2025-12-18

Toshkent shahridagi «Anhor» (Lokomotiv) bog‘ida o‘tkazilayotgan “Asal bayrami” VI Xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi joriy yilning 21 dekabriga qadar davom etadi.

“O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu yarmarkaga bo‘lgan yuqori qiziqish, shuningdek, xaridorlarning taklif va istaklari inobatga olinib, tadbir muddati uzaytirildi.

Tadbirda mamlakatning barcha viloyatlaridan 400 dan ortiq asalarichilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi sub’ektlar, shuningdek, sohaning 1500 ga yaqin ilg‘or vakillari ishtirok etmoqda.

Ko‘rgazma-yarmarkaga Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya davlatlaridan nufuzli mehmonlar, professor-olimlar hamda ko‘p yillik tajribaga ega mutaxassislar tashrif buyurdi.

Toshkent shahrida o‘tayotgan an’anaviy yarmarka bu yil ham turli hududlardan kelgan asalarichilar va mehmonlarni bir maydonda jamladi. Bu yerda tabiiy asal savdosi bilan bir qatorda, asalarichilar uchun zarur uskunalar, turli hajmdagi uyalar va xizmatlar ham taqdim etilmoqda.

Yarmarka davomida poytaxt aholisi va mehmonlari sifatli, tabiiy va arzon asal hamda asal mahsulotlarini xarid qilish imkoniyatiga ega. Xaridorlar oqimi uzilmayapti.

Yarmarka doirasida asalarichilik sohasida uzoq yillar mehnat qilgan faxriylar ham e’tirof etildi. Xususan, “O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasi raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan Ayubxon Toshboyevning 60 yillik yubileyi munosabati bilan taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Shuningdek, 85 yoshni qarshi olayotgan, kasbi tish shifokori bo‘lishiga qaramasdan 65 yildan buyon asalarichilik bilan shug‘ullanib kelayotgan Tursunxo‘ja Tojixo‘jayev ham tadbirning eng hurmatli ishtirokchilaridan bo‘ldi.

— Asosiy mutaxassisligim tish shifokori. Lekin asalarichilik hayotimning ajralmas qismiga aylangan, — deydi Tursunxo‘ja Tojixo‘jayev. — Bu soha menga sabr, aniqlik va mehnatsevarlikni o‘rgatgan. Qizig‘i shundaki, asal inson salomatligi uchun ham juda foydali. Shu jihatdan ikki soha bir-biriga yaqin. Asalarichilik — bu men uchun shunchaki hunar emas, balki hayot mazmuni.

Uning ta’kidlashicha, asalari uyalari Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani, xususan Oqsoqota va Pskom hududlarida joylashgan bo‘lib, bu hududlar tabiiy o‘simliklarga boy va ekologik toza. Shu sabab mahsulotlar ham sifatli va shifobaxsh hisoblanadi.

— Har bir xaridorga asal turlari, ularning foydasi va to‘g‘ri iste’mol qilish tartibini tushuntirib beraman. Chunki asal shunchaki shirinlik emas, u davo, — deydi u.

Yarmarkada uchinchi avlod asalarichisi sifatida ishtirok etayotgan Eduard Litvinenko ham xaridorlar e’tiborini tortmoqda. U turmush o‘rtog‘i bilan birga har bir mahsulot haqida batafsil ma’lumot berib, kasbiy yondashuv namunasini ko‘rsatmoqda.

— Buvamdan boshlangan bu kasbni hozir men davom ettiryapman. 40 yildan buyon asalarichilik bilan shug‘ullanib kelamiz. Hozirda 78 ta asalari oilamiz bor, — deydi Eduard Litvinenko. — Asal mahsulotlarini qadoqlab, shartnomalar asosida savdo tarmoqlariga yetkazib beryapmiz. Kelgusi yildan Toshkentdagi supermarketlar bilan hamkorlik qilish niyatimiz bor.

Uning ta’kidlashicha, “Asal bayrami” nafaqat savdo maydoni, balki tajriba almashish, soha vakillarini rag‘batlantirish hamda milliy mahsulotni targ‘ib qilish uchun muhim platforma hisoblanadi.

Tadbir doirasida faxriy va faol asalarichilarga uyushma sertifikatlari, guvohnomalar, vimpellar va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahridagi «Anhor» (Lokomotiv) bog‘ida o‘tayotgan VI Xalqaro asalarichilik yarmarkasi 21 dekabrga qadar davom etadi. Dam olish kunlari yarmarkaga tashrif buyurib, sifatli va tabiiy asal mahsulotlarini xarid qilish imkoniyati mavjud.

Sh.Mamaturopova,

O‘zA