Andijon viloyati Asaka tumani markazida IT PARK ish boshladi.
Andijonda axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirish, soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash, xususan, Prezidentimizning yaqin yillar ichida O‘zbekistonda 1 millionta dasturchi tayyorlash borasidagi topshiriq va takliflari asosida viloyat hokimi tashabbusi bilan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Andijon viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Ziyodullo Samatovning ta’kidlashicha, tuman telekommunikatsiyalar bog‘lanmasi binosining 1-qavatida joylashgan IT PARKda yoshlar, tadbirkorlarning kompyuter texnologiyasi yo‘nalishida yangi kasblar, faoliyat turlarini o‘rganishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, bu yerda yuqori tezlikdagi internet, start-up xonalari, robototexnika laboratoriyasi, media-markaz, kibersport va innovatsion mashg‘ulotlar xonalari mavjud bo‘lib, ular eng zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan.
[gallery-551]
Bir so‘z bilan aytganda, yangi tashkil etilgan IT PARK asakalik tadbirkorlar, iqtidorli yoshlar markaziga aylanadi hamda yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan malakali mutaxassis va dasturchilar tayyorlashga xizmat qiladi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA