Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida olib borilayotgan ishlarda nafaqat davlat tashkilot va muassasalari, balki nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, umuman, keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etmoqda. Qolaversa, mazkur loyiha ona tabiat musaffoligini saqlash, ko‘chat ekish, bog‘ yaratish yo‘lida butun xalqimizni yanada jipslashtirmoqda.
–Partiyamiz faollari, deputatlarimiz “Yashil makon” loyihasi doirasidagi ko‘chat ekish ishlarida faol ishtirok etmoqda, – deydi O'zLiDeP Andijon viloyati kengashi raisi Xurshidaxon Xalilova. – Maqsadimiz salomatligimiz, hayotimiz uchun muhim bo‘lgan yashil maydonlar barpo etish, o‘zimiz yashayotgan maskanlarni toza va obod hududga aylantirish ishiga munosib hissa qo‘shish, qolaversa, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarni ushbu xayrli ishga yanada kengroq jalb etishdir.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zLiDeP Andijon viloyati kengashi, partiyadan saylangan deputatlar tomonidan bu borada e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Asaka tumanidagi “Kujgan oltin dalasi” fermer xo‘jaligi tomonidan ajratilgan 3 gektar yer maydonida “O'zLiDeP bog‘i” barpo etilayotganligi ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biridir.
[gallery-16886]
O'zLiDeP Andijon viloyati, Asaka tumani kengashlari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari raislari, partiya faollari, Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari Shuhratbek Bozorov, Saydullo Ergashev, Umidaxon Nazarova, Maxfuzaxon Ahmedova ishtirokida mazkur bog‘ga 1 ming 500 tupdan ziyod mevali daraxt ko‘chati o‘tqazildi.
–Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri, – deydi Xalq deputatlari Asaka tumani Kengashi deputati Maxfuzaxon Ahmedova. – Qolaversa, o‘zimiz yashab turgan hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, yashil hududlar tashkil etish orqali ona tabiat musaffoligini saqlashga, salomatligimizni asrab-avaylashga mustahkam zamin yaratamiz.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘kalamzorlashtirish, yashil hududlar, bog‘lar barpo etish ishlari Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida davom etmoqda.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari