Mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlar yuqori uyushqoqlikda amalga oshirilmoqda.
Farg‘ona viloyati hokimining yig‘ilish bayoniga asosan viloyat hokimligi, viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi hamda bir qator hamkor tashkilot vakillaridan iborat Ishchi guruh tuzilib, viloyatdagi yirik korxona va tashkilotlar, boshqarmalarda xotin-qizlarning mehnat huquqlarining himoya qilinishi holati o‘rganilmoqda.
Ana shunday o‘rganishlar “Fargʼonaazot” aksiyadorlik jamiyatida o‘tkazilib, xotin-qizlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari o‘rganildi.
Korxonada hozirgi kunda jami 6 ming 625 nafar ishchi-xodim mehnat qilib kelmoqda. Ularning 2 ming 376 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Korxonada 3 tartibli ish tashkil etilgan bo‘lib, ishchi-xodimlarni ishga olib kelish va olib ketish uchun korxona tomonidan avtobuslar qatnovi tashkil etilgan.
Korxonaning boshlang‘ich xotin-qizlar tashkiloti raisi Umida Axunjanova tomonidan xotin-qizlarning huquqlarini har tomonlama himoya qilish, gender tenglik masalalari bo‘yicha huquqiy savodxonligini oshirish, tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, ijtimoiy-himoyaga muhtoj bo‘lganlarini qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
bugungi kunda korxonada turli lavozimlarda 19 nafar rahbar ayollar faoliyat olib bormoqda. Rahbarlik lavozimlariga 7 nafar zaxira ayol kadrlar shakllantirilgan.
Xotin-qizlarni kasbiy salohiyatini oshirish maqsadida oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 11 nafar ayol uchun korxona tomonidan kontrakt pul to‘lovlari to‘lab berilgan. Shuningdek, joriy 2022-2023 yil uchun ham 4 nafarining to‘lov-kontrakt pullari o‘tkazib berildi.
Korxona ishchilariga tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida korxonada Davolash sog‘lomlashtirish diagnostika sexi faoliyat yuritadi. Bu yerda har bir ishchi-xodim yilda bir marta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, natijalarga asosan xodimlarga tibbiy yordamlar ko‘rsatib kelinadi.
Bundan tashqari, Ishchi guruh a’zolari Farg‘ona viloyati Ekologiya boshqarmasi, Farg‘ona Kimyo zavodi, AT «Xalq banki» Farg‘ona viloyati filiallarini o‘rganish jarayonida ishchi-xodimlarga yetarlicha mehnat sharoitlarini yaratish talab darajasida olib borilmoqda.
Biroq, o‘rganish davomida “Asakabank” aksiyadorlik jamiyati Farg‘ona viloyati filialida ishlovchi ayollar va boshqa xodimlarning ham mehnatga oid huquqlari qo‘pol ravishda buzilganligi aniqlandi. Ya’ni, qonun talablariga zid ravishda barcha xodimlar bilan 1 yilga muddatli mehnat shartnomalari tuzilgan.
Hozirgi kunda “Asakabank” AJ Farg‘ona viloyati filialida 74 nafar ishchi-xodim mehnat qilib kelmoqda. Ularning 42 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 76-moddasiga muvofiq ish beruvchining muddatli mehnat shartnomasi tuzish huquqi cheklangan. Ya’ni, muddatli mehnat shartnomasi bajarilajak ishning xususiyati, uni bajarish shartlari yoki xodimning manfaatlarini hisobga olgan tarzda, nomuayyan muddatga mo‘ljallangan mehnat shartnomalarini tuzish mumkin bo‘lmagan hollarda, korxona rahbari, uning o‘rinbosarlari, bosh buxgalter bilan, korxonada bosh buxgalter lavozimi bo‘lmagan taqdirda esa, bosh buxgalter vazifasini bajaruvchi xodim bilan qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda tuzilishi mumkin.
“Asakabank” AJ Farg‘ona viloyati filiali xodimlari tomonidan bajariladigan ishning xususiyati va shartlaridan kelib chiqib, muddatli mehnat shartnomasi tuzish mumkin bo‘lmasada, xodimlar ahvolini mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilganiga qaraganda yomonlashtirsa-da, (xodimlar ixtiyoriy roziligi mavjud emas) qonun talablari buzilib, barcha xodimlar bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzilgan. Buning bilan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 5- va 76-moddalari talablari qo‘pol ravishda buzilmoqda.
“Asakabank” AJ Farg‘ona viloyati filiali xodimlari 1 yildan so‘ng qayerda ishlashadi, degan savol barchamizni tashvishga solishi tabiiy. Boisi xodimlar bilan suhbatlar jarayonida ayon bo‘ldiki, ular keyingi mehnat faoliyatlarini qayerda davom ettirishlari haqidagi o‘y-fikr girdobida yashashmoqda. Bu, albatta, ularning sog‘ligiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ha, inson qadr-qimmati oliy saodat sanalayotgan yurtimizda bu kabi qonunbuzilish holatlari fuqarolarning ertangi kuniga bo‘lgan ishonchini sindirishga olib keladi.
Yuqoridagilarga asosan “Asakabank” AJ Farg‘ona viloyati filialida aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan hamda xodimlarning buzilgan huquqlarini tiklash, ishchi-xodimlar bilan tuzilgan muddatli mehnat shartnomalarini nomuayyan muddatga o‘zgartirish to‘g‘risida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi tomonidan taqdimnoma kiritildi.
Umid qilamizki, Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan «inson qadri» uchun tamoyiliga amal qilinib, yuqoridagi qonunbuzulish holatlari tez fursatda ijobiy hal etiladi.
Ishchi guruhning viloyatdagi yirik korxona va tashkilotlar, boshqarmalarda xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish bo‘yicha o‘rganishlari davom etmoqda.
Orzigul QOZIXONOVA,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining
Farg‘ona viloyati Kengashi raisining o‘rinbosari