Oddiy tuproqdan mo‘’jiza yaratayotgan kulol qalb qo‘ri, mehnat va izlanishlari bilan yaratilayotgan mahsulotlarga talab ortmoqda. Bu yangi ish o‘rinlari yaratish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish, turlarini ko‘paytirish imkonini bermoqda.
Farg‘ona viloyati Rishton tumani “Bog‘iston” mahalla fuqarolar yig‘inida Akmaljon Bobojonov asos solgan "Roshidon master keramik" oilaviy korxonasida tayyorlangan 50 ming dollarlik mahsulotlar Tojikiston va Qirg‘izistonga eskport qilindi.

–Bu so‘nggi chegara emas, – deydi korxona rahbari. – Endilikda tojikistonlik hamkorlarga har oyda 10 ming dollarlik mahsulot yetkazib beramiz. Shu maqsadda mahalladagi 50 nafar xotin-qizlarni kasanachilik asosida ishga qabul qildik, mahsulot qadoqlash sexi ishga tushirildi.
Akmaljon Bobojonov kulollar sulolasidan. Yoshligidan aka-opalari ortidan ergashib, tuproqdan san’at asari yaratish hadisini oldi. Dastlab uyda besh- o‘n chog‘li yoshlar bilan mahsulot ishlab chiqardi. Mahalla hududidagi kichik sanoat zonasida umumiy loyiha qiymati 100 million so‘m bo‘lgan chinni va sopol idishlar ishlab chiqarish tarmog‘ini ishga tushirdi. “Asakabank” viloyat filialidan 500 million so‘m imtiyozli kredit oldi. Zamonaviy ishlab chiqarish jihozlari olib kelinib, 100 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

–Shu kunga qadar “mahallabay” ishlash tizimi orqali aniqlanib daftarlarga kiritilgan ishsizlar bandligini ta’minlash, mahallalarda xizmat ko‘rsatish turlarini tashkil etish, hunarmandchilikni rivojlantirish yuzasidan bildirilgan takliflar asosida 216 nafar tashabbuskor fuqarolarga 21 milliard 496 million so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi, – deydi “Asakabank” Farg‘ona viloyat filiali boshqaruvchisi Rustamjon Qodirov. – Bundan tashqari, “Har bir oila – tadbirkor ” dasturi asosida 512 nafar fuqaro, 52 ta tadbirkorlik sub’ektiga ham imtiyozli kredit ajratilmoqda, yangi tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanayotir. Natijada olis va chekka hududlarda ham zamonaviy ishlab chiqarish tarmoqlari tashkil etilmoqda, jahon bozori talablariga mos bo‘lgan mahsulot turlari ko‘paymoqda.

M. Sulaymonov, O‘zA