Buxoroda «Asakabank»ning sobiq mansabdor shaxslari kredit mablag‘larini o‘zlashtirganligi aniqlandi.
Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
“Asakabank” AJ Buxoro viloyati filiali sobiq mansabdori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Meva-sabzavotchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat yaratish zanjirini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida”gi qarori asosida “Osiyo taraqqiyot banki” mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan 2 million AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘larini soxta hujjatlar asosida firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida bir guruh shaxslar ya’ni,“G.B.A” MCHJ rahbari, “Asakabank” AJ Buxoro viloyati filiali boshqa mansabdorlari, “Asakabank” AJ bosh ofisi mansabdor shaxslari hamda “K.s” MCHJning mansabdorlari bilan o‘zaro jinoiy til biriktirishadi.
Natijada “Asakabank” AJning 2017 yilga mo‘ljallangan kredit siyosatida belgilangan kredit ajratishning umumiy mezoni talablariga zid ravishda, kredit summasining garov ta’minoti bilan yetarli miqdorda ta’minlanmaganligini bila turib kredit yig‘ma jildidagi ayrim hujjatlarni qalbakilashtirish yo‘li bilan 2 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritishadi.
Mansab soxtakorligida ifodalangan xatti-harakatlari bilan kreditning qaytarilishini ta’minotsiz qoldirib, davlat va bank manfaatlariga kreditning asosiy qismi to‘lanmaganligi natijasida 1 million 282 ming 630 AQSH dollari (ekvivalentda 13 mlrd. 579 mln. 014 ming 062 so‘m) va foiz va penya qarzdorligi hisobidan 358 ming 084 AQSH dollari (ekvivalentda 3 mlrd. 790 mln. 986 ming 253 so‘m) miqdorida zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 168-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA