Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Asaka tumani hokimi: “Mukofot zimmamga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi”
15:00 / 2025-07-30

Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar samaradorligini oshirish, inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni o‘rganish va hal etish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar yurtdoshlarimizni quvontirmoqda. Chunki har bir mahalla, qishloq, tuman va shahar aholisi ana shu ijobiy o‘zgarishlarni turmush farovonligining yuksalishida his etmoqda, ko‘rmoqda.

Buni men rahbarlik qilayotgan Asaka tumani misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Tumandagi 75 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilash, obodonlashtirish, korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, yangi ishlab chiqarish loyihalarini ishga tushirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish borasida olib borilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda, tuman iqtisodiyoti yuksalmoqda. 

Prezidentimizning, hukumatimizning bir qator farmon va qarorlari ijrosi, xususan, davlatimiz rahbarining tegishli buyrug‘i bilan hokimliklar, mutasaddilar, soha mutaxassislari, yetakchi tadbirkorlardan iborat “Islohotlar shtabi” faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi va ana shu yo‘nalishda  amalga oshirilgan ishlarni alohida e’tirof etish joiz. 

[gallery-24533]

Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida faoliyatimizni yanada kuchaytirdik. Xalq qabulxonasi avvalgi “Sektor shtabi” binosiga ko‘chirildi. Shu kunga qadar bevosita o‘zimga bo‘lgan 1 ming 100 dan ortiq murojaatning 78 foizi ijobiy hal etildi. Umuman, belgilangan to‘rtta asosiy yo‘nalish – bandlikni ta’minlash, kambag‘allikdan chiqarish, investitsiya jalb etish, eksport hajmini oshirish, tadbirkorlik uchun  barqaror muhitni shakllantirish bo‘yicha zarur ishlar qilindi, qo‘shimcha imkoniyatlar yaratildi. 

“Islohotlar shtabi” guruhi a’zolari tomonidan qo‘shimcha investitsiya jalb etish, eksport hajmini oshirish bo‘yicha mamlakatimizning turli davlatlardagi elchilari ko‘magida xorijlik tadbirkorlar, o‘sha davlatlarda yashab, ishlab, muvaffaqiyatlarga erishayotgan vatandoshlarimiz bilan videomuloqotlar tashkil etildi. Tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan belgilangan yo‘nalishlar mahallabay xatlovdan o‘tkazildi. Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha uch  yillik manzilli strategiya ishlab chiqildi. 

Amaldagi qonuniy tartiblar asosida bo‘sh turgan 102 gektar  qishloq xo‘jaligi, tuman hokimligi zaxirasidagi 3,5 gektar yer maydoni tadbirkorlik qilish uchun aholiga ajratib berildi. Bundan tashqari, tumanning adirlik hududlaridan qo‘shimcha 800 gektar yer o‘zlashtirildi. 

 Tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, faoliyatini kengaytirish istagidagi fuqaro va tadbirkorlar bilan hamkorlikda 23 ta sanoat, 106 ta xizmat ko‘rsatish, 26 ta qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida, jami 155 ta yangi loyihalar shakllantirilib, ularni amalga oshirishga kirishildi. 

Tumanning eng asosiy muammosi bo‘lgan uy-joy masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2021 yil 4 apreldagi “Andijon viloyati Asaka tumanini obodonlashtirish va arxitektura qiyofasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” qarori asosida Chek mahallasi hududida Yangi O‘zbekiston massivi – “Asaka city” barpo etilmoqda. Bundan tashqari, urbanizatsiya dasturi doirasida eski uylar renovatsiya qilinmoqda. 

Tumandagi barcha mahallalar imkoniyatidan kelib chiqib ixtisoslashtirilmoqda. Masalan, “Agrostar” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 5 gektar yer maydoniga zamonaviy “yashil texnologiyalar” asosida issiqxonalar tashkil etish loyihasi lokomotiv sifatida belgilab olindi. Ushbu loyiha doirasida issiqxonachilikka ixtisoslashgan 11 ta mahallani yil oxiriga qadar 20 taga yetkazish belgilab olindi. Buning natijasida yana 7 mingta xonadon tomorqasidan yiliga 3-4 marotabadan hosil olish imkoniyati yaratiladi. Umuman, bu borada tizimli ishlar olib borilmoqda. Yaqin yillar ichida yana 20 ta mahalla sabzavotchilikka, 16 ta mahalla uzumchilikka, 9 tasi xizmat ko‘rsatish sohasiga to‘la ixtisoslashadi. Shu bilan birga, qo‘shimcha ravishda umumiy qiymati 70 million AQSH dollariga teng bir qator ishlab chiqarish loyihalari amalga oshiriladi. 

 “Islohotlar shtabi” guruhi doirasida joriy yilning o‘tgan davrida tumanda raqamlashtirish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ishchi guruh ko‘magi bilan tibbiyot, ta’lim, iqtisodiyot va boshqa sohalar tizimidagi korxona, tashkilot va muassasalarda, bozorlarda raqamlashtirish bo‘yicha e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi. Xonadonlarga 900 KVtli quyosh panellari o‘rnatildi. Natijada, joriy yil 2- chorak yakuni bilan prognoz qilingan soliq tushumi rejasi 7,5 milliard so‘m ortig‘i bilan bajarildi.  

Tuman markazi va boshqa asosiy ko‘chalarda, aholi gavjum hududlarda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, tirbandlik va turli ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqildi. Yangi-yangi avtoturargohlar qurish uchun tadbirkorlar jalb etildi. 

Albatta, bu ishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Bunda Prezident Administratsiyasi vakili, viloyat hokimligining ko‘magi, qo‘llab-quvvatlashi, qolaversa, “Islohotlar shtabi” a’zolari, mahalla yettiligi vakillari, mutasaddi tashkilotlar mas’ullari, umuman, fidoyi, tashabbuskor barcha asakaliklarning munosib hissasi bor. 

Tumanda olib borilayotgan ibratli ishlar, mening kamtarona faoliyatim e’tirof etilib, Davlatimiz rahbarining farmoni bilan “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlanganligim, qalbimda kechayotgan quvonch va o‘zgacha tuyg‘ularni oddiy so‘zlar bilan ifodalay olmayman. Lekin ertani erta, kechni kech demasdan astoydil qilingan mehnatlar e’tirofidan, yurtboshimiz ishonchidan behad mamnunman. Eng asosiysi, odamlarga, yurtimga foydam tegayotganidan xursandman. 

Berilgan mukofot menga kuch, shijoat beradi, zimmamga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi. Bundan keyingi faoliyatimda ko‘rsatilgan e’tiborga, Prezidentimiz ishonchiga munosib javob qaytarishga, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish yo‘lida yanada faol ishlashga harakat qilaman. 

 Nasibulla MO‘MINOV,

Asaka tumani hokimi.

O‘zA