Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Asaka adirliklarida 600 gektar intensiv bog‘ tashkil etilmoqda
16:15 / 2022-08-03

Andijon viloyati Asaka tumani Sohibkor massivi hududidagi adirliklarda tadbirkorlar tomonidan 600 gektar maydonda intensiv bog‘, zamonaviy uzumzor va dam olish maskani tashkil etilmoqda.

Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov mazkur hududda bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi, mutasaddilar bilan muloqot o‘tkazdi. Avval foydalanilmasdan yotgan mazkur hududda o‘zlashtirish ishlari boshlanganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, o‘tgan qisqa muddat davomida 100 gektardan ortiq maydon o‘zlashtirilib, ko‘chat ekishga tayyorlandi. 

– Viloyatimizda ekin maydonlari cheklangan, – deydi viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov. – Shu bois, unumsiz yerlarning unumdorligini oshirish, foydalanilmasdan turgan adir hududlarini o‘zlashtirish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, eksport hajmini oshirish, qolaversa, yildan yilga ortib borayotgan aholining talabini qondirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shundan kelib chiqib, amalga oshirilayotgan mazkur yirik loyiha asosida nafaqat meva va uzum yetishtirish hajmi ortadi, balki 800 ta doimiy, 5 ming 400 ta mavsumiy yangi ish o‘rni yaratilishi bilan ham ahamiyatlidir. Bundan tashqari, ushbu hududda ekoturizmni rivojlantirish ham ko‘zda tutilgan. Ya’ni aholining bahavo, go‘zal tabiat bag‘rida miriqib dam olishlari uchun ikki qavatli dam olish maskani qad rostlamoqda.  

Viloyat hokimi tuman sektor rahbarlari, loyihani amalga oshirayotgan mutasaddi va mutaxassislar, quruvchilar bilan muloqotda kelgusida o‘zlashtirilgan maydonlarga ekilishi kerak bo‘lgan uzum, shaftoli navlarini to‘g‘ri tanlash, tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish, qurilish ishlarini sifatli olib borish yuzasidan tegishli topshiriq hamda tavsiyalar berdi.  

[gallery-8134]

F. UBAYDULLAEV,  
Z. UMRZOQOV (foto) O‘zA