Har bir mamlakatning kelajagi yosh avlodning ilmiy va innovatsion salohiyatiga bog‘liq. Bu salohiyatni namoyon qilish uchun esa keng imkoniyatlar kerak. “InnoWeek” xalqaro haftaligi ana shu imkoniyatlarni yaratadigan muhim tadbirlardan biri sifatida taniladi. Unda o‘z loyihasi bilan ishtirok etib, e’tibor qozonayotgan yoshlar orasida Asadbek O‘rinov ham bor. Uning shijoati, mehnati va muammolarga zamonaviy innovatsion yechimlar taklif qilib kelayotgani diqqatga sazovor. Qahramonimiz «Yil talabasi – 2023» ko‘rik-tanlovining «Eng faol innovator ixtirochi talabasi» nominatsiyasi g‘olibidir.
2024 yil 30 iyun – «Yoshlar kuni» munosabati bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan «Innovatsion g‘oyalar yetakchisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Qolaversa, Prezidentimizning yoshlarga berayotgan imkoniyatlari va e’tiborlari bilan «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti sohibi bo‘ldi.
– 2020 yil Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetiga o‘qishga qabul qilinib, Toshkent shahriga endi kelgandim. Tanishlarimdan “InnoWeek” innovatsion g‘oyalar haftaligi haqida eshitib qoldim. O‘sha paytlarda «innovatsiya» so‘zi men uchun begona edi. Nomiga qiziqqanimdan u nima ekan, deya yo‘lga otlandim, – deydi Asadbek O‘rinov. – Haftalik doirasida o‘sha yili “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafonining respublika bosqichi o‘tkazilayotgan ekan. Tengdoshlarim tomonidan taqdim etilayotgan har bir loyihani diqqat bilan kuzatdim. Muammolarga texnologik yechimlar berayotgan yoshlarimizning g‘oyalaridan ruhlandim. Dastlab haftalikda tomoshabin sifatida qatnashgan bo‘lsam, keyingi yil, albatta, loyiham bilan qatnashaman, deb niyat qildim.
Bir yil davomida atrof-muhitdagi mavjud muammolar va ularga qanday texnologik yechim berish haqida o‘yladim. Xullas, elektromobil masalasiga to‘xtaldim. Elektromobil ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan ehtiyot qismlarning aksariyati yurtimizga import asosida olib kelinadi. Agarda bu sohani rostdan ham rivojlantirmoqchi bo‘lsak, ishni o‘sha ehtiyot qismlarni mahalliylashtirishdan boshlash kerak, deya o‘yladim.
Xayolimga kelgan ilk narsa elektromobil akkumulyatorlarining sovitish tizimi bo‘ldi. Sababi, chetdan olib kelinadigan akkumulyatorlar yurtimizdagi yuqori haroratga moslashmagan va shu tufayli tezda ishdan chiqish holatlari ko‘p kuzatiladi. Mustaqil ravishda ishga kirishishni boshladim va qarabsizki, bir necha oy ichida uni ishlab chiqdim – prototip kutilgan natija berdi. Ishlanmaga “Fresh energy” deya nom berdim va 2021 yilgi xalqaro haftalikda qatnashdim.
Loyiham turmush tarzimizda ancha dolzarb ekan. Menga hamkorlikda ishlash bo‘yicha ko‘plab takliflar tushdi. Hatto, ilk buyurtmalar ham boshladim. Loyiha doirasida qo‘lga kiritgan mablag‘ni ishlanmani yanada takomillashtirish hamda jamoamning faoliyatini rivojlantirishga sarfladim. Qolaversa, turli universitetlar bilan birgalikda memorandum imzolashga erishdik.
O‘tgan yili har bir universitetda xalqaro haftalik o‘tkazilgan edi. Men muayyan tajribaga ega iqtidorli va yosh innovator sifatida universitetlarda o‘z loyihamni ko‘proq mutasaddi rahbarlarga taqdim qildim va boshqa universitetdagi tengdoshlarimga master klasslar o‘tishni boshladim.
2022 yili jamoamiz bilan masofadan boshqariladigan manipulyator tank prototipini namoyish etdik. Loyiha ko‘plab tomoshabinlarda qiziqish uyg‘otdi.
2023 yili “InnoWeek” haftaligida “Body Tester” – birinchi robot doktor loyihasi bilan Turin politexnika universiteti pavilonida ishtirok etdim. Bu ishlanma zamonaviy tarozilarga o‘xshab ketadi. Lekin uning vazifalari talaygina. Avval unga jeton tashlashingiz kerak. Keyin u ishga tushadi va yoshingizni so‘raydi. Savolga javob kiritib bo‘lgach, bo‘yingiz, vazningiz, pulsingiz, qondagi kislorod miqdori, qon bosimi, tana harorati kabi ma’lumotlarni QR-kod bilan chek ko‘rinishida chiqaradi. Qolaversa, sizga qancha vazn me’yor hisoblanishini ham yozib beradi. Muhimi, ma’lumotlar bilan birgalikda taqdim qilingan QR-kodga telefoningizni yo‘naltirsangiz, tavsiyaviy maslahatlar ham olishingiz mumkin. “Body Tester” loyihasi nafaqat klinikalar, balki korxona va tashkilotlarda ham o‘rnatilishi lozim, deb o‘ylayman. Har bir inson o‘z vaqtida salomatligi haqida ma’lumotga ega bo‘lsa, kasallikdan ertaroq xalos bo‘ladi. Aynan “Body Tester” juda xaridorgir loyihalarimdan biriga aylandi.
2025 yil 9-11 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan “InnoWeek” haftaligida 10 dan ortiq ishlanmalarimiz bilan qatnashish niyatidamiz. Toshkent shahridagi Turin politexnika instituti, Toshkent davlat texnika universiteti, maktab hamda litsey o‘quvchilaridan tashkil topgan jamoam bilan qatnashmoqdaman.
Bu tadbirni yurtimiz kelajagi uchun harakat qilayotgan lider yoshlarni qamrab oladigan haftalik deb hisoblayman. Bu katta Netvorkingga imkoniyat yaratadi. Shaxsan o‘zim ham bu borada katta o‘zgarishlar bo‘lishiga umid qilyapman, – deydi Asadbek O‘rinov.
Sevara Abdullayeva yozib oldi.