English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Arzonlashtirilgan yarmarkalardan aholi mamnun
19:12 / 2026-02-23

Muqaddas Ramazon oyini munosib nishonlash, aholiga qulaylik yaratish hamda oziq-ovqat mahsulotlari narxining sun’iy oshib ketishining oldini olish maqsadida Prezidentimiz qarori asosida respublikamizning barcha hududlarida tashkil etilgani kabi Sirdaryo viloyatining barcha tuman va shaharlarida ham arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etildi.

Yarmarkalarda 30 turdan ortiq asosiy iste’mol mahsulotlari – go‘sht, un, yog‘, shakar, guruch, kartoshka, sabzi-piyoz, tuxum va boshqa oziq-ovqatlar bozor narxiga nisbatan o‘rtacha 15–25 foiz arzon narxlarda taklif etilmoqda. Ayrim mahsulotlar bozordagi narxga nisbatan ancha arzon bo‘lib, aholiga qulaylik yaratilgan. Masalan, Guliston shahridagi Yangi dehqon bozorida xaridorlarga mol go‘shti kilosi 70–90 ming so‘m, pista yog‘i litri 20 ming, paxta yog‘i 18 ming, shakar kilosi 12,5 ming, guruch 10–15 ming, tuxum donasi 1000–1100 so‘m, piyoz kilosi 2–3 ming, sabzi 3–4 ming, kartoshka 4 ming so‘mdan sotilmoqda.

Narx barqarorligi va ochiqlik ta’minlanmoqda. Mahsulotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqaruvchi va fermer xo‘jaliklari tomonidan olib kelinadi, bu esa ortiqcha vositachilikka chek qo‘yadi. Shuningdek, sifat nazorati ham kuchayadi. Savdo nuqtalarida narxlar ochiq e’lon qilingan bo‘lib, mas’ul idoralar tomonidan doimiy monitoring olib borilmoqda.

Yarmarkalardan xarid qilayotgan fuqarolar bunday tashabbusni mamnuniyat bilan qarshi olmoqda.

– Ramazon oyida ro‘zadorlar uchun dasturxon to‘kin bo‘lishi muhim. Guliston shahridagi Yangi bozorda tashkil etilgan arzonlashtirilgan yarmarkalarda narxlar barqarorligi biz uchun katta yengillik bo‘ldi,  –  deydi Boyovut tumanining Yangi avlod mahallasida istiqomat qiluvchi Munisa Nazirova.  – Ayniqsa, asosiy mahsulotlarni arzonroq xarid qilayotganimizdan xursandmiz.

— Bozorda ayrim mahsulotlar narxi ko‘tarilib ketishi mumkin. Sirdaryo tumanining Baxt dehqon bozorida tashkil etilgan arzonlashtirilgan yarmarka esa bunga yo‘l qo‘ymayapti. Oila byudjeti uchun sezilarli farq bor. Bu e’tibor uchun avvalo davlatimiz rahbariga rahmat, — deydi Sayxunobod tumani Paymart mahallasida istiqomat qiluvchi Abdullajon Ayxunboyev.

Mutaxassislar fikricha, bunday yarmarkalar aholini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, ichki bozorda sog‘lom raqobat muhitini shakllantiradi. Natijada narxlar asossiz oshishi cheklanadi va talab hamda taklif o‘rtasidagi muvozanat ta’minlanadi.

Qisqasi, Ramazon oyi munosabati bilan tashkil etilgan arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari aholiga qulaylik yaratish, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash va inson qadrini ulug‘lash yo‘lidagi amaliy qadamlardan biri bo‘lmoqda.

G‘ulom Primov, Shuhrat Yunusov (surat), O‘zA