Yurtimizning barcha joylarida tobora yaqinlashib kelayotgan Yangi yil shodiyonalariga tayyorgarlik allaqachon boshlab yuborilgan.
Xorazm viloyatida ham bayram arafasida yurtdoshlarimizni arzon va sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash maqsadida barcha hududlarda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etildi.
Urganch markaziy dehqon bozori hududida tashkil etilgan yarmarkada dehqon va fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan, shuningdek, xorijdan import qilingan keng turdagi oziq-ovqat mahsulotlari aholiga qulay narxlarda taklif etilmoqda.
—Yarmarkalar viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida uyushtirilgan bo‘lib, ularda asosiy turdagi 19 xil oziq-ovqat mahsulotlari, 20 dan ortiq mevalar, 10 dan ortiq sabzavotlar, qo‘y, mol va parranda go‘shtlari, baliq, un, yog‘ va sut mahsulotlari arzonlashtirilgan narxlarda sotilmoqda, — deydi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi viloyat bo‘limi boshlig‘i Ro‘zibek Yusupov. — Buni belgilangan xodimlar tegishli tartibda nazorat qilib bormoqda. Maqsadimiz bayram arafasida aholi dasturxonining to‘kinligini, bozorlardagi narx-navo barqarorligini ta’minlashdir.
[gallery-26637]
Yarmarkalarda mahsulotlarning sovuq kunlarda zararlanmasligi uchun savdo rastalari atrofi yopilgani sotuvchi va xaridorlar uchun ham qulaylik tug‘dirmoqda. Urganchliklar esa bundan mamnun.
—Yarmarka rastalarida aholi ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan sabzavot, poliz mahsulotlari, mahalliy va sitrus mevalar, go‘sht, un, shakar kabi juda ko‘plab oziq-ovqat mahsulotlari o‘rin olgan. Kunning istalgan vaqtida kelib xaridlarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar mavjud, — deydi Klara Egamova. – Aynimaydigan mahsulotlarni hozirdan xarid qilib qo‘ydim. Go‘sht va sut mahsulotlarini sal keyinroq sotib olaman. Chunki, bundan o‘n yillar oldingi davrlardagi kabi ikki oy oldindan bayram xarajatlarini yig‘ishni boshlash endi shart emas. Bu yarmarkada bayram arafasida ham mahsulotlar qimmatlashib ketmaydi. Bunga keyingi yillarda ko‘p marotaba guvoh bo‘lganmiz. Bu yerga mahsulotlarini yetkazib berayotgan fermer va ishlab chiqaruvchilarga minnatdorchilik bildiraman.
Xulosa qilib aytganda, viloyatda faoliyat yuritayotgan arzonlashtirilgan yarmarkalarda kundalik ehtiyoj uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlari bozordagidan arzon narxlarda sotilayotir. Arzonlashtirilgan yarmarkalarning ish boshlagani bayram arafasida bozorlardagi narx-navo asossiz oshib ketishining oldini olishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatli bo‘lmoqda.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari