Yangi yil bayrami oldidan Andijon shahridagi qator mahalla guzarlari, aholi gavjum maskanlarda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etildi. Shu kunlarda yurtimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi Andijonda ham yangi yil bayrami shukuhi kezmoqda. Joylarda bayramni ko‘tarinki ruhda o‘tkazish uchun zarur ishlar olib borilmoqda.
Andijon shahridagi ommaviy bayram tadbirlari o‘tkazilishi belgilangan hududlarda yangi yil bayrami archalari o‘rnatilib, turli ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etilmoqda. Bundan tashqari, andijonliklarning bayram dasturxoni to‘kin bo‘lishini ta’minlash, narx-navoni keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida tashkil etilgan savdo yarmarkalarida oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining arzon narxlarda sotilishi yo‘lga qo‘yildi.
[gallery-15056]
Yarmarkalarda dehqon va bog‘bonlar tomonidan yetishtirilgan sifatli va sarxil mevalar, sabzavot va poliz, shuningdek, asal, sut, tuxum, go‘sht, baliq, umuman, 50 dan ortiq turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xaridorlarga taqdim etilmoqda. Darhaqiqat, bayramoldi yarmarkalarida sotilayotgan mahsulotlarning bozor narxidan birmuncha arzonligi, qolaversa, savdolarning plastik kartalar orqali amalga oshirilayotganligidan barcha mamnun.
– Mahallamiz hududida asosan ko‘p qavatli uylar joylashgan, – deydi Andijon shahridagi Mash’al mahallasida yashovchi, mehnat faxriysi Salimaxon Salohitdinova.– Yangi yil bayrami savdo yarmarkasi ko‘p qavatli uylarda yashovchilar uchun katta qulaylik yaratdi. Yarmarkalarda aholi uchun eng zarur oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining nisbatan arzon narxlarda sotilayotganligidan barcha xursand bo‘lmoqda. Aholiga qulaylik yaratish bilan birga, xalqimizning bayram kayfiyatini ko‘tarishga xizmat qilayotgan arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari viloyatning barcha tuman va shaharlari markazlarida ham tashkil etildi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA