Yangi yil bayrami oldidan Andijon shahridagi 14 ta mahalla guzarida, aholi gavjum maskanlarda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etildi.
Shu kunlarda yurtimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi Andijonda ham yangi yil bayrami shukuhi kezmoqda. Joylarda bayramni ko‘tarinki ruhda o‘tkazish uchun zarur ishlar olib borilmoqda. Andijon shahridagi ommaviy bayram tadbirlari o‘tkazilishi belgilangan hududlarda yangi yil bayrami archalari o‘rnatilib, turli ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, andijonliklarning bayram dasturxoni to‘kin bo‘lishini ta’minlash, narx-navoni keskin ortib ketishining oldini olish maqsadida tashkil etilgan savdo yarmarkalarida oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining arzon narxlarda sotilishi yo‘lga qo‘yildi.
Yarmarkalarda dehqonu bog‘bonlar tomonidan yetishtirilgan sifatli va sarxil mevalar, sabzavot va poliz, shuningdek, 50 dan ortiq turdagi oziq-ovqat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xaridorlarga taqdim etilmoqda.
Bayramoldi yarmarkalarida mol go‘shtining kilosi 90 ming so‘m, pista yog‘ining bir litri 20 ming so‘m, shakarning kilosi 11 ming so‘m, umuman, sotilayotgan barcha mahsulotlar bozor narxidan 20-30 foiz arzonligidan aholi mamnun bo‘lmoqda.
– Mahallamiz hududida asosan ko‘p qavatli uylar joylashgan, – deydi Andijon shahridagi “Iqbol” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, mehnat faxriysi Ravshanbek Ahmedov. – Yangi yil bayrami savdo yarmarkasi ko‘p qavatli uylarda yashovchilar uchun katta qulaylik yaratdi. Yarmarkalarda aholi uchun eng zarur oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining nisbatan arzon narxlarda sotilayotganligidan barcha xursand.
[gallery-26703]
Bundan tashqari, yarmarkalar tashkil etilgan guzarlarda har oqshom shahar madaniyat bo‘limi hamda ijodiy jamoalar tomonidan ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etilayotganligi aholining bayram kayfiyatini ko‘tarmoqda.
Aholiga qulaylik yaratish, xalqimizning bayram kayfiyatini ko‘tarishga xizmat qilayotgan arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari yangi yilning 5 yanvariga qadar davom etadi. Bu kabi yarmarkalar viloyatning barcha tuman va shaharlari markazlarida ham tashkil etildi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari