Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari aholi xizmatida
15:16 / 2020-12-24

Yangi yil bayrami arafasida va bayram kunlari ichki iste’mol bozorini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli to‘ldirish va narx-navolarni barqaror saqlanishini ta’minlash yuzasidan Toshkent viloyatida tizimli ishlar amalga oshirilyapti.

Xususan, viloyatning yirik tuman va shahar markazlarida, dehqon (oziq-ovqat) bozorlarida joriy yilning 20 dekabridan 2021 yil 10 yanvariga qadar asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari sotiladangan savdo yarmarkalari tashkil etildi. Ushbu bozorlarda tashkil etilgan savdo yarmarkalariga "daladan dasturxonga" tamoyili asosida 26 turdagi mahsulotlarni vositachilarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish maqsdadida 335 ta fermer-dehqon xo‘jaliklari, ishlab chiqaruvchi va qayta ishlovchi korxonalar jalb etildi.  

Jumladan, savdo yarmarkalarida mol go‘shti 47-50 ming so‘m, qo‘y go‘shti 55 ming so‘m, 1 litr kungaboqar yog‘i 14 ming so‘m, tovuq go‘shti 18 ming so‘mdan va boshqa mahsulotlar arzonlashtirilgan narxlarda aholi iste’moliga yetkazib berilmoqda. Shu bilan birga, tashkil etilgan savdo yarmarkalari va savdo nuqtalarida narxlarni sun’iy oshirish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik hamda aholini arzon va sifatli ijtimoiy muhim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlashga qaratilgan tadbirlarning amalga oshirilishini nazorat qilib borish, shuningdek amaliyotdagi joriy kamchiliklarni zudlik bilan joyida bartaraf etilishini ta’minlash maqsadida, mahalliy hokimliklar, huquq-tartibot idoralari va manfaatdor tashkilotlarning vakillari biriktirilgan.  

– Yarmarkalarda, savdo va umumiy ovqatlanish maskanlarida yong‘in xavfsizligi, karantin, sanitariya va veterinariya qoidalariga qat’iy rioya etilishi alohida nazoratga olindi, – deydi viloyat “Toshvilbozorsavdo” aksiyadorlik jamiyatlari uyushmasi raisi Abdulxayev Abdumannop. – Bundan tashqari, narxlarning barqarorligini ta’minlash maqsadida viloyat hokimining qabul qilingan qarorlari bilan hududlar kesimida aholi ehtiyojidan kelib chiqib, asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxiraga jamg‘arilishini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, bozorlarda 1 ming 925 tonna kartoshka, 742 tonna piyoz, 468 tonna sabzi va 975 tonna guruch mahsulotlari dehqon xo‘jaliklaridan vositachilarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida 2020-2021 yillar qish-bahor mavsumiga tayyorgarlik ishlari doirasida zaxiraga jamg‘arildi.

Hozirgi paytda davlat xususiy sherikchilik tamoyili asosida, shuningdek iqtisodiy-ijtimoiy investitsion majburiyatlarini aniq belgilagan holda viloyat markazlari, yirik shaharlarga tutash hududlardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash, eksport-logistikasi, ulgurji taqsimlash va savdosini tashkil etishga mo‘ljallangan yaxlit kompleksdan iborat majmualarni barpo etish taklifi ko‘rib chiqilmoqda.

Mazkur komplekslarda ixtisoslashtirilgan omborxonalar, kartoshka saqlash joylari va sovutish kameralarini qurish belgilangan. Oziq-ovqat tovarlarini qayta ishlash va qadoqlash bo‘yicha zamonaviy, yuqori texnologiyali, energiya tejamkor uskunalarni faol joriy etish yo‘li bilan meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash hamda ularga bo‘lgan narxlarni barqarorlashtirish imkoni ortadi.  

 

  A.Musayev, O‘zA