Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Arzonlashtirilgan bayramoldi savdo yarmarkalari tashkil etildi
11:05 / 2025-08-13

Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayrami arafasida viloyat hokimligi tashabbusi bilan Andijon shahri hamda viloyatning barcha tuman va shaharlari markazlarida arzonlashtirilgan oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hamda maktab jihozlari savdo yarmarkalari tashkil etildi.

Prezidentimizning joriy yil 10 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida  Andijon shahridagi 14 ta mahalla guzari hamda tuman, shahar markazlarida tashkil etilgan savdo yarmarkalari rastalaridan Andijon viloyat bozorlari va savdo majmualari uyushmasi, “Andijongo‘shtsutsavdo”, “Andijonbaliq” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, viloyatdagi agrofirmalar, parrandachilik korxonalari, savdo tashkilotlari mahsulotlari, shuningdek, fermer xo‘jaliklari hamda dehqonlar tomonidan yetishtirilgan, ishlab chiqarilgan meva-sabzavotlar, oziq-ovqat va poliz mahsulotlari o‘rin olgan.

– Mahallamiz guzarida tashkil etilgan yarmarkada 100ga yaqin turdagi qishloq xo‘jaligi, poliz, oziq-ovqat mahsulotlari va sabzavotlar sotilmoqda, – deydi Andijon shahridagi “Barkamol” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Tabassum Isroilova. – Mahallamiz hududida asosan ko‘p qavatli uylar joylashgan, 5 ming 200 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ochig‘i, yarmarka fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshi katta insonlar uchun ancha qulaylik bo‘ldi. Ro‘zg‘or uchun zarur sarxil, yangi mahsulotlarni shu yerdan, bozorga nisbatan 20-30 foiz arzon narxlarda xarid qilish imkoni yaratilganligidan barcha xursand.

[gallery-24729]

Hamyurtlarimizning bayram dasturxonlari to‘kin bo‘lishini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ushbu savdo yarmarkalari shahar aholisi uchun katta qulaylik yaratmoqda. Qolaversa, savdoga qo‘yilgan mahsulotlar narxi bozordagiga nisbatan arzon. Bundan tashqari, namunali xizmat ko‘rsatilishi, plastik kartalar orqali ham savdolarning yo‘lga qo‘yilganligi yurtdoshlarimizga manzur bo‘lmoqda.  

–Yarmarkalarda o‘quvchilar uchun maktab formalari, o‘quv qurollari va jihozlari sotuvining yo‘lga qo‘yilganligi ham ayni muddao bo‘ldi, – deydi Barkamol mahallasida yashovchi, mehnat faxriysi Soyibjon Jumaboyev. –  Farzandlarimizga arzon narxlarda chiroyli, xushbichim formalar, o‘quv qurollari sotib olyapmiz. Bundan ko‘pchilik xursand.

Xalqimizning eng aziz, eng ulug‘ ayyomi –  Mustaqillik bayrami munosabati bilan tashkil etilgan arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari hamda maktab jihozlari savdo yarmarkalari aholiga qulaylik yaratish bilan birga, ularning turmush farovonligini oshirish, xalqimiz dasturxoni to‘kinligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Yarmarkalar tashkil etilgan mahalla guzarlarida har oqshom Andijon shahar madaniyat bo‘limi, badiiy jamoalar tomonidan konsert dasturlari namoyish etilmoqda.  

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (surat),

O‘zA muxbirlari