French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Arzonlashtirilgan bayram yarmarkalari xalq xizmatida (+video)
19:26 / 2023-12-26

Har doim Yangi yil kirib kelishini yurtdoshlarimiz ko‘tarinki ruhda qarshi oladilar. Bir yillik ishlarimizning sarhisobi va kelgusi yildagi rejalarimizni tuzib oladigan, oila davrasida to‘kin dasturxon atrofida yaxshi kayfiyat ila ezgu niyatlar qilinadigan palla.

Yurtdoshlarimiz yangi yilni ko‘ngildagidek kutib olishlari uchun respublikamiz bozorlarida katta tayyorgarlik ko‘rildi. Xususan, “Mirobod dehqon bozori” AJ da ham 90 metr joy ajratilib, barcha hududlarda bo‘lgani kabi bayram archasi bezatildi, o‘yinchoqlar savdosi tashkil etildi.  Poytaxtliklarning bayram dasturxoni to‘kin bo‘lishini ta’minlash, narx-navoning keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida 20 dekabrdan 10 yanvargacha arzonlashtirilgan bayram yarmarkasi davom ettiriladi. Natijada oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib kelinishi  narxlarning barqarorligini ta’minlayotir.  

Mazkur yarmarkalarda bobodehqonlar tomonidan yetishtirilgan sifatli va sarxil mevalar, sabzavot va poliz, shuningdek, asal, sut, tuxum, go‘sht, baliq, umuman, 50 dan ortiq turdagi aholi uchun zarur oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xaridorlarga arzon narxlarda taqdim etilmoqda. 

Bozor ma’muriyati narxlar mo‘’tadilligini saqlashda “Daladan dasturxonga” tamoyili asosida mahsulotlarning rastalarga peshma-pesh yetkazib berilishiga alohida e’tibor qaratgan. Masalan, “Mirobod dehqon bozori”dan bir kunda 3 mingdan 5 ming nafargacha aholi savdo qiladi. Dam olish kunlari bu miqdor ikki barobarga ortadi.  Shu bois bozorning yerto‘la qismida zahira ombori shakllantirilib, qish va bahor oylarigacha yetadigan mahsulot jamg‘arildi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/gWFFzpaQy5g" title="Arzonlashtirilgan bayram yarmarkalari xalq xizmatida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

- Qish va bahor mavsumlarida aholini qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan extiyojlarini yanada to‘laroq qondirish maqsadida dehqon va fermer xo‘jaliklari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzib, shartnoma asosida 50 tonna kartoshka, 30 tonna piyoz, 20 tonna sabzi zahirasi qildik, - deydi “Mirobod dehqon bozori” rahbari o‘rinbosari Abdulhamid Mirrasulov. – Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini “Daladan dasturxonga” tamoyili asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetishtiruvchidan olib kelingani uchun narxlar ham qimmat emas.   

“Askiya dehqon bozori”da ham kuniga o‘rtacha 800 nafardan 1000 nafargacha fuqaro savdo-sotiq uchun keladi. Shanba va yakshanba kunlari xaridorlar safi bir necha karra ortadi. Bozor ma’muriyati shunga mos ravishda tayyorgarlik ko‘radi. Bu yerda ham aholi ehtiyoji yuqori  bo‘lgan maxsulotlarga zahira qilingan. Masalan, kartoshka 20 tonnagacha, piyoz ham shuncha, sabzi 10 tonna, guruch 5 tonna zahirasi yaratilgan. Mol go‘shti, tovuq maxsulotlari, tushum, shakar, yog‘ va boshqa turdagi maxsulotlar aholi extiyojiga qarab, ishlab chiqaruvchilar bilan shartnoma qilingani xolda rastalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berilishi bozor ma’muriyati, Bosh Prokuraturaning departamenti va boshqa mas’ul idoralar tomonidan nazoratga olingan.

Xalqimizning bayram kayfiyatini yanada ko‘tarishga xizmat qilayotgan arzonlashtirilgan “Maxsus yarmarka savdolari” barcha hududlarda, aholi uchun qulay joylarda  davom etmoqda.

Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov (video), O‘zA