Arzon uy-joylar sifatiga yangi komissiya javob beradi
Mamlakatimizda 2009-yildan buyon namunaviy loyihalar asosida zamonaviy uy-joylar, muhandislik va transport kommunikatsiyalari, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda 2009-yildan buyon namunaviy loyihalar asosida zamonaviy uy-joylar, muhandislik va transport kommunikatsiyalari, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xo‘sh, qurilayotgan uy-joylar va ob’ektlarning sifati qanday? Uy-joylarning bahosi nimaning evaziga arzonlashtirilmoqda? Bank kreditlarining afzalligi va uni ajratish tartibidan yurtdoshlarimizning barchasi xabardormi?Bu va boshqa qator savollarga Milliy matbuot markazida "Qishloq qurilish bank" aksiyadorlik tijorat banki va "Qishloq qurilish invest" injiniring kompaniyasi hamkorligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida javob berildi.
– 2009-2016-yillar davomida 69 ming 557 ta namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joy qurildi, – deydi "Qishloq qurilish invest" injiniring kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Fayzullo Islomov. – Natijada qishloqlardagi 83,5 mingdan ortiq oilaning yashash sharoiti yaxshilandi. Biroq, qurilish tashkilotlari aybi bilan sifatsiz qurilgan uylar ham bor. Aholidan bu uylarning sifati borasida tushgan noroziliklar o‘rganilib, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bir qator qurilish tashkilotlari javobgarlikka tortildi. Xususan, 2016-yilda 17 pudrat tashkilotining ishi sudga oshirilgan.
Mutaxassislarning qayd etishicha, sifat borasidagi muammolarning oldini olish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish uchun uy-joylarni qurish bilan shug‘ullanayotgan korxonalarning 5 foiz mablag‘i bir yildan keyin ularning hisobraqamiga o‘tkazib beriladi. Bu mablag‘ning ushlab turilishiga sabab, agar shu davrda yangi uy-joyda yashayotgan aholidan sifat borasida murojaatlar tushsa, mablag‘ ta’mirlash ishlariga sarflanadi. Bunday shikoyatlar bo‘lmagan taqdirda yillik muddatdan keyin qurilish tashkiloti bu mablag‘ni qaytarib olishi mumkin.
– Namunaviy loyihadagi uylar mamlakatimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy qurilish materiallari asosida barpo etilayotgani bois narxlar nisbatan arzon, – deydi "Qishloq qurilish invest" injiniring kompaniyasi bo‘lim boshlig‘i Oybek Kamolov. – Qurilishda qatnashayotgan ishlab chiqaruvchi va quruvchi tashkilotlarning barchasiga bojxona va soliq borasida imtiyozlar berilgani ham ayni muddao.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi "2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida"gi qarori qishloq qurilishi sohasida yangi bosqichni boshlab berdi. Qarorga ko‘ra, 2017-yilda 15 mingta uy-joy qurilishi ko‘zda tutilgan. Aholi talabiga asosan qo‘shimcha ravishda yana 4 ming 610 ta uy-joy qurish mo‘ljallanmoqda.
– 2009-yilda qabul qilingan Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda uy-joylar qurish dasturiga ko‘ra, uy oluvchining dastlabki badali 25 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yangi dasturda ushbu badal 15 foiz qilib belgilangan, – deydi "Qishloq qurilish bank" aksiyadorlik tijorat banki boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Akbar Eshonqulov. – Misol uchun, 2 yoki 3 xonali ko‘p qavatli uyning narxi o‘rtacha 83 million so‘mdan oshsa, uning oylik to‘lovi to‘rt yuz mingdan ko‘proq bo‘ladi. Kredit uchun yo‘naltirilgan mablag‘ soliqdan ozod qilingan. Ushbu arzon uy-joylarga talabgorlarni tanlab olish fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalarni dastlabki tanlash bo‘yicha tizimning ochiqligi va ishonchliligi tamoyilidan kelib chiqib amalga oshirilmoqda.
Matbuot anjumanida uy-joylar sifatini yanada yaxshilash maqsadida yangi maxsus komissiya tashkil etilayotgani qayd etildi.