Xitoy uzoq masofaga mo‘ljallangan, gipertovushli tezlikda uchuvchi yangi raketa modelini namoyish etdi. The Independent yozishicha, Lingkong Tianxing aerokosmik kompaniyasi ishlab chiqqan YKJ-1000 raketasi 1300 kilometr masofani bosib o‘tishi mumkin. Uning konstruksiyasida yengil va mustahkam ko‘pikli beton qoplamadan foydalanilgani diqqatga sazovor.
Mutaxassislar ushbu raketa global mudofaa bozorida jiddiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Sababi — narxining nihoyatda arzonligi. YKJ-1000ning taxminiy qiymati 700 ming yuan, ya’ni 99 ming dollar atrofida bo‘lib, bu AQSH gipertovushli raketalari narxidan qariyb 40 barobar past. Taqqoslash uchun, AQSHning bunday toifadagi raketalari odatda 4 milliondan 15 million dollargacha turadi.
Harbiy sharhlovchi Vey Dongsu davlat telekanaliga bergan intervyusida raketaning aynan narxi sababli ko‘plab kichik va rivojlanayotgan davlatlar uchun qiziqarli variantga aylanishi mumkinligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pgina mamlakatlar hali o‘z gipertovushli texnologiyasiga ega emas. Shu bois, YKJ-1000ning uzoq masofaga uchish qobiliyati, yuqori vayronkor kuchi, tezlik bilan yorib kirish imkoniyati va arzon narxi uni xalqaro bozorda talab yuqori mahsulotga aylantirishi kutilmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/3k1mNRz1DJU?si=czJsZ3-ixIajex-b" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA