Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Arzimas sabablarda ham katta xavf bor
14:07 / 2019-10-02

Millat ma’naviyatini yuksaltirishda, shubhasiz, oilaning o‘rni muhim.


Millat ma’naviyatini yuksaltirishda, shubhasiz, oilaning o‘rni muhim. Zero, jamiyatda mavjud qaysi bir muammoga nazar tashlamang, ildizi oila va uning moddiy, ma’naviy-ma’rifiy holatiga borib taqalaveradi. Shu bois ham mamlakat kelajagi oilaning mustahkamligi bilan chambarchas bog‘liqligini mutlaqo inkor etib bo‘lmaydi.

Afsuski, hayotimizda erta va qarindoshlar o‘rtasida tuzilayotgan nikohlar, yosh oilalardagi ajrimlar, ayollar jinoyatchiligi, voyaga yetmaganlar orasida bezorilik va huquqbuzarliklar uchrab turibdi. Demak, oilalardagi salbiy holatlarning sababini o‘rganish va ularni bartaraf etish, oilalarni murakkab hayotiy vaziyatlardan olib chiqishda yangicha mexanizmlarni joriy etish talab etilmoqda.

Tadqiqotlarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, buning uchun birinchi navbatda, oila masalalariga oid normativ-huquqiy bazani takomillashtirish zarur. Shu maqsadda markazimiz tomonidan Oila, Fuqarolik protsessual, Ma’muriy javobgarlik, Mehnat, Uy-joy, Jinoyat kodekslari tahlil qilindi. Ular asosida oila mustahkamligini ta’minlovchi 50 dan ortiq taklif ishlab chiqilib, tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etildi.

Avval uqib, so‘ng oila qurish

Mamlakatimizdagi 8,3 milliondan ziyod oilaning 2 milliondan ko‘pi yosh oila sanaladi. O‘rganish natijalari yosh oilalardagi ajrashish sabablari aksariyat hollarda yigit-qizlarning oilaviy hayot haqida bilim-ko‘nikmasi yetarli emasligi bilan bog‘liqligini ko‘rsatdi. Ha, agar bo‘lg‘usi yosh oila sohiblari qo‘sha-qo‘sha diplomli, oliy ma’lumotli bo‘lsayu hayot bobida uquvsiz bo‘lsa, u oilaning poydevori mustahkam bo‘lishi amrimahol.

Shu bois davlatimiz rahbari 2018 yil Shayxontohur tumaniga tashrifi chog‘ida “Oila” ilmiy-amaliy markazi zimmasiga “Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi” faoliyatini yo‘lga qo‘yish vazifasini yuklagan edi. Shundan kelib chiqqan holda dastlab “Yoshlarni mustahkam oilaviy munosabatlarga tayyorlashning ijtimoiy-psixologik masalalari“ mavzusida 2000 dan ziyod yigit-qiz o‘rtasida ijtimoiy so‘rov va tegishli tadqiqotlar o‘tkazdik. Uning natijalariga asoslangan holda hozirda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda 116 tuman markazida “Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi”ni tashkil etdik. Ularda oila qurish madaniyati, oilaviy munosabatlarning ma’naviy-axloqiy asoslari, oila iqtisodiyoti va budjetini yuritish, reproduktiv salomatlik va oila psixologiyasi bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Mazkur maktablar faoliyatiga 400 dan ortiq mutaxassis jalb etildi. Shu paytgacha ularda 6000 dan ziyod bo‘lg‘usi kelin-kuyov o‘qitildi.

Ayni paytda O‘zbekistonda oila institutini mustahkamlash konsepsiyasi talablarini bajarish, yoshlarni oilaviy hayotga maqsadli tayyorlash borasida “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha innovatsion maktablarni tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi ishlab chiqilmoqda. Unda innovatsion maktablar faoliyatining asosiy vazifalari belgilanmoqda. Savol tug‘iladi: ushbu hujjat qabul qilinishining ahamiyati nimada?

Gap shundaki, mazkur qaror orqali avvalo, oila institutini mustahkamlash sohasidagi mavjud kamchiliklar, joylarda yig‘ilib qolgan muammolarni hal etishga keng yo‘l ochiladi. Oilalarga ta’sirchan metodik, konsultativ va amaliy yordam ko‘rsatishning samarali tizimi yaratiladi. Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, ajrimlar, oiladagi mojaro va zo‘ravonliklarning oldini olish ishlari yanada kengaytiriladi.

“...agar o‘z vaqtida yordam berilganida ajrashmagan bo‘lar edik”

Tan olish kerak, oila institutini mustahkamlash sohasida muammolarmiz hali ko‘p. Xususan, joylardagi o‘rganish va tahlillarimizda yoshlarning oilaviy turmushga tayyor emasligi, kelinga qaynona yoki oilaning boshqa a’zolari turli ko‘rinishda zug‘umlar o‘tkazishi, xotinning er tomonidan kamsitilishi, arzimas oldi-berdilar ham yosh oilalarni ajratib yuborayotgani, shuning ortidan boshqa jiddiy muammolar yuzaga kelayotgani oydinlashmoqda.

Ilmiy-amaliy tadqiqot natijalariga ko‘ra, ajrashgan oila vakillarining 40 foizdan ortig‘i agar o‘z vaqtida yordam berilganida ajrashmagan bo‘lar edik, degan fikrda.

Bu kichik raqam emas

Ha, oilalardagi ajrashishlar jamiyatimizdagi og‘riqli nuqtalardan biri. Markazimiz oilaviy nizolarning tub mohiyati, ajrimlarni ildizini aniqlash, shu asosda muammoning yechimini topishga katta ahamiyat qaratib kelmoqda. Birgina joriy yilning olti oyi mobaynida respublika miqyosidagi hamkor tashkilotlar yordamida Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari va sudga ajrashish uchun ariza bergan 900 ga yaqin oilani yarashtirishga erishdik. Sa’y-harakatlarimiz samarasida ajrashish yoqasida turgan 13,5 mingga yaqin oila fikridan qaytdi. Natijada 21 mingdan ortiq bola yetimlik qismatidan saqlab qolindi.

Ayni yo‘nalishda oilaviy kelishmovchiliklarni bevosita mahallalarning o‘zida muhokama qilish va er-xotin munosabatlarini jamoatchilik ko‘magida mo‘tadillashtirish tizimi yo‘lga qo‘yilgani qo‘l kelmoqda. Joriy yilning o‘tgan 6 oyi mobaynida 19 mingga yaqin oilaviy nizo shu usulda o‘rganildi.

Ajrimlarning sababi...

Tahlillardan ma’lum bo‘ldiki, oilalarning 50,2 foizi er-xotin o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchiliklar, 17,7 foizi oilaviy hayotga qaynona-qaynota va boshqa uchinchi shaxslar aralashuvi, 7,7 foiz befarzandlik, 3,3 foiz xiyonat, 4 foiz moddiy yetishmovchilik va ishsizlik, 5,8 foiz ichkilikbozlik, 3,8 foiz tashqi va ichki migratsiya, 1,5 foiz oila a’zolaridan birining kasalligi, 1,7 foiz uy-joyning yo‘qligi va 5,8 foiz boshqa omillar tufayli ajrashish ajrashish yoqasiga kelib qolgan. E’tibor bering, sabablar arzimas, juda jo‘n va oddiy. Lekin ularning har birida gulday oiladagi rishtalarni barbod qilgudek kuch bor, farzandni ota yoki onasidan ayirishga qodir qudrat bor. Bunday paytda insonning qadri, boy berilgan mehr, ishonchga achinasan kishi. Ming afsus...

Bizningcha, bu kabi salbiy jihatlarni bartaraf etish uchun ajrashish masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni, jumladan, Oila kodeksini inventarizatsiyadan o‘tkazish fursati yetdi. Hozirda oliy o‘quv yurtlarida oilaviy psixologlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yishga juda katta ehtiyoj bor.

Bundan tashqari, oila instituti bilan ishlaydigan mutaxassislarning nizoli holatlarni bartaraf etishda mediatsiya xizmatidan foydalanishini yo‘lga qo‘yish, bu bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish zarur, deb hisoblaymiz.

Oilaviy ajrimlarning oldini olish borasidagi muhim vazifalarimizdan yana biri zamonaviy oila modelini targ‘ib qilishdan iborat.

Mazkur masalada ham so‘rovlar o‘tkazdik. Aksariyat respondentlar fikricha, zamonaviy namunali oila – bu sog‘lom va muayyan ma’lumotga ega bo‘lgan oila a’zolariga, moddiy farovonlik va qulay psixologik muhitga ega bo‘lgan, farzandlarni an’anaviy milliy qadriyatlar asosida tarbiyalovchi, FHDYoda rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilgan to‘liq (ota-onasi bor) oiladir.

Bunday fikr va qarashlar bizga oilaning ustuvor mezonlarini aniqlash va ularni umumlashtirish imkonini berdi. Shu asosda an’anaviy oila qadriyatlarini saqlab qolgan holda zamonaviy oila modelini shakllantirish uchun tarixiy, madaniy shart-sharoitlarni kompleks tadqiq qilib, ularni hayotga joriy etish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorladik.

Asl holatni haqqoniy baholash kerak

Oila institutini mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlar malakali kadrlarga ehtiyojni kuchaytirishi ham tabiiy. Shuni e’tiborga olgan holda Prezidentimizning tashabbusi bilan “Oila” ilmiy-amaliy markazining hududiy boshqarmalari qoshida tashkil etilgan Maxsus o‘quv kurslarida oila bilan ishlovchi kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv kurslari ish yuritayapti. Ularda oiladagi nizoli holatlarni hal etishning huquqiy, psixologik asoslari o‘rgatilyapti. Ajrimlarning oldini olish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, shuningdek, oiladagi ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash va boshqa masalalar yuzasidan zamonaviy uslublarda mashg‘ulotlar olib borilmoqda.

Kurslarda “Oila” ilmiy-amaliy markazining rahbar-xodimlari, fuqarolar yig‘inlarining yarashtirish komissiyasi raislari hamda xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassislari, psixologlar, FHDYo organlari xodimlari, patronaj hamshiralar, profilaktika inspektorlari malaka oshirayapti, o‘zaro tajriba almashayapti.

Hozirga qadar oila bilan ishlovchi jami 10 mingga yaqin mutaxassis ushbu kurslarda saboq oldi. Joriy yilning olti oyi mobaynida yana 5 ming 703 mutaxassis tegishli malaka sertifikatiga ega bo‘ldi.

Odamlar o‘zi anglab yetmasa, bari befoyda

Gap raqamlarda emas, albatta. Eng asosiysi, oila institutini mustahkamlash uchun real holatni haqqoniy baholash kerak. Odamlarimiz o‘z tafakkuri bilan oilaning muqaddasligini anglab yetmas ekan, urinishlarimiz, undovlarimiz befoyda. Shuning uchun aholi, ayniqsa, yoshlar orasida oilani mustahkamlashga qaratilgan targ‘ibot ishlarini shunchaki hisobot uchun emas, balki xalqchil, to‘g‘ri tashkil etishga jiddiy e’tibor qaratish zarur. Bizni o‘ylantirayotgan, qiynayotgan muammolarga yechim ham, biz kutgan natija ham shundagina bo‘y ko‘rsatadi.

Farida ABDURAHIMOVA, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Toshkent shahar boshqarmasi o‘quv bo‘limi rahbari.