Arxiv o‘tmishimizni tarixiy va aniq daliliy hujjatlar bilan aks etiruvchi bebaho oynadir. Tarix yoki tarixiy shaxslar haqida arxiv hujjatlaridan foydalanib yaratilgan asarlar, yozilgan maqolalarni o‘qiymizu, shu muassasa faoliyati haqidagi bitiklarni deyarli uchratmaymiz.
Jizzax viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi tizimida ayni paytda jami 15 ta, jumladan, 4 ta davlat hamda 11 ta shaxsiy tarkib hujjatlari arxivi faoliyat yuritib kelmoqda.
Sangzor bo‘yi vohasida arxivlarning vujudga kelishi 1870 yillarga borib taqaladi. Jizzax viloyat arxivi esa Mehnatkashlar deputatlari ijroiya qo‘mitasining 1974 yil 11 fevraldagi 1-sonli qaroriga asosan shu qo‘mita qoshida tashkil etilgan. Shu vaqtdan boshlab Jizzax viloyati davlat arxivi ishi yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu davlat arxivining dastlabki arxiv hujjatlari Jizzax shahar ijroiya qo‘mitasiga, viloyat hududida faoliyat yuritgan tashkilotlar faoliyatiga oid hujjatlardan iborat.
Mazkur arxiv hujjatlariga nazar tashlasak, 1870 yillardan boshlab Chorrossiyasi, 1917 yildan boshlab Samarqand viloyati tasarrufida bo‘lgan Jizzax u’ezdi xomashyo yetkazib beruvchi u’ezdlardan biri bo‘lgani bois, bu yerda asosan paxta sanoatiga qarashli kichik ishlab chiqarish korxonalari, mayda hunarmandchilik, ijarachilik artellari, yerdan foydalanuvchilar va dehqonchilik, kolxoz va sovxozlar faoliyat yuritganligiga guvoh bo‘lamiz. Shu bois davlat arxivi saqloviga qabul qilingan hujjatlar qishloq va dexqon xo‘jaliklarini boshqaruvchi idoralar, paxtachilik sanoati, zavod va kichik korxonalar hujjatlaridan iboratligiga guvoh bo‘lish mumkin.
Bugungi kunda viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi tizimidagi arxiv muassasalarida 1921 yildan shu kunga qadar bo‘lgan jami 422 ming 798 ta hujjat saqlanib kelmoqda. Shundan 312 ming 500 tasi boshqaruv hujjati, 105 ming 96 tasi shaxsiy tarkib, 1198 tasi shaxsiy kelib chiqish, 359 ta ilmiy-texnikaviy tibbiyot hujjati va 3645 tasi surat (hujjat)larni tashkil etadi.
[gallery-21577]
O‘tgan 2024 yil davomida Jizzax viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi hamda uning tizimidagi arxiv muassasalari tomonidan olib borilgan samarali ishlar natijasida bir qator yutuqlarga erishdik.
Fuqarolarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash hamda kelib tushgan so‘rovlarning qisqa muddatlarda ko‘rib chiqilishini ta’minlash maqsadida davlat arxivlari saqlovidagi arxiv hujjatlarining elektron nusxalarini yaratish bo‘yicha jadallik bilan ish olib borildi. Shu davrda arxiv fondlarini boyitish maqsadida viloyatimiz hududida faoliyat yurituvchi korxona, tashkilot va idoralardan 163 ming 432 saqlov birligidagi hujjatlar arxiv saqloviga qabul qilib olindi hamda ularga ilmiy-texnik ishlov berildi, ta’mirlandi, tikildi va muqovalandi. Ushbu jarayon davrida hududlardagi turli korxona, muassasa va tashkilotlarda nazorat tekshiruvlari va o‘rganishlar o‘tkazildi.
Jizzax viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi tizimidagi arxiv muassasalarida ish rejalarining bajarilishini ta’minlash borasida olib borilgan samarali ishlarimiz natijasida tarmoq ishini rivojlantirishga erishilayotganini ham alohida ta’kidlab o‘tish lozim.
Arxiv muassasalari tomonidan boshqaruv hujjatlari xatlovi takomillashtirilishi hamda hujjatlarning mavjudligi va holatini tekshirish ishlari ham samarali olib borildi. O‘tgan 2024 yil davomida arxiv muassasalariga fuqarolarimizdan 9295 ta ijtimoiy-huquqiy hamda mavzuli so‘rovlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan jami 55 ta murojaat kelib tushdi va ularning barchasi qanoatlantirilganini alohida qayd etgan bo‘lardim.
Hududiy boshqarmaning asosiy ish rejasiga ko‘ra, Jizzax shahri va viloyatning 12 ta tumanida jismoniy va yuridik shaxs vakillari bilan sayyor qabul o‘tkazildi. Ushbu qabulda fuqarolardan kelib tushgan sohaga oid muammoli hamda ba’zida juda qiziqarli bo‘lgan barcha so‘rovlar qanoatlantirildi.
Boshqarmamiz hamda uning tizimidagi arxiv muassasalari tomonidan normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga qaratilgan 42 ta tashkilotning ish yuritish yo‘riqnomasi, ekspert komissiyasi hamda idoraviy arxiv to‘g‘risidagi nizomlari, ularning yig‘majildlari nomenklaturasi ishlab chiqildi va boshqarma huzuridagi ekspert tekshirish komissiyasi (ETK)da kelishildi.
Jizzax viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi tizimidagi davlat arxivlarida topilgan mablag‘lar hisobiga tizimdagi arxivlar faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan bir qator samarali ishlar olib borildi. Arxiv muassasalari tomonidan zamonaviy turdagi kompyuter hamda skaner uskunalari xarid qilinib, ularning moddiy-texnik bazalari mustahkamlandi. Zafarobod, Mirzacho‘l hamda Zarbdor tumanlaridagi arxiv binolari qayta ta’mirlandi. Fuqarolar qabulini tashkil etish hamda ularga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida alohida xonalar ajratilib, ular zarur jihozlar va kuzatuv kameralari bilan jihozlanganini ham ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim.
Bugungi kunda Jizzax viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi tizimidagi 10 ta shaxsiy tarkib hujjati davlat arxivi Adliya vazirligi tomonidan ajratilgan binolarga ko‘chib o‘tgan va ushbu binolarda fuqarolarga xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulaylik yaratilgan.
O‘rol O‘RAZBOEV,
Jizzax viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi
boshlig‘i, Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashi deputati.
O‘zA