Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Arxivchilarning Samarqand anjumani
18:08 / 2023-09-20

“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida MDH mamlakatlari arxiv xizmatlari rahbarlarining Maslahat kengashi 19-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Maslahat kengashiga a’zo davlatlar arxiv ishi rahbarlari, mutaxassislar, olimlar, jamoatchilik faollari va yoshlar ishtirok etdi.

Mazkur kengash 2004 yil 3 dekabrda arxiv ishi bilan bog‘liq dolzarb masalalarni hamkorlikda ko‘rib chiqish, hujjat almashishdagi muammolarni bartaraf etish maqsadida tashkil etilgan. Maslahat kengashi tarkibiga Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Armaniston, Rossiya, Tojikiston arxiv xizmatlari rahbarlari kiradi. O‘zbekiston 2021 yil 24 fevraldan ushbu kengashga doimiy ishtirokchi sifatida qo‘shildi va bu yilgi maslahat kengashiga raislik qilmoqda.    

[gallery-13644]

– Har ikki yilda o‘tkaziladigan Maslahat kengashidan asosiy maqsad arxiv ishi sohasida tajriba almashish va elektron arxiv hujjatlarni tartibga keltirishdan iborat, – deydi “O‘zarxiv” agentligi direktori o‘rinbosari Sherzod Sodiqov. –  Mazkur kengashga rasman a’zo bo‘lganimiz arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha muammolarni hal etishga qaratilgan xalqaro anjumanlarda faol ishtirok etish, respublikada amalga oshirilayotgan ishlar sifatini xalqaro talablar va andozalar darajasiga ko‘tarish, shuningdek, mamlakatimizdan tashqarida bo‘lgan arxiv hujjatlarini aniqlash va ularning asl yoki elektron nusxalarini qaytarish masalalarini ijobiy va tezkor hal etishdagi jarayonlarni maqbullashtirish borasida bir qator imkoniyatlarni yaratadi. Shunday imkoniyatlar sabab hozir ushbu Maslahat kengashida kuzatuvchi maqomida ishtirok etish taklifi bilan chiqayotgan davlatlar soni ortmoqda. Xususan, bugungi kengashda Turkiya, Xitoy, Vengriya kabi mamlakatlardan vakillar ishtirok etyapti.

Tadbir doirasida “Arxivlar va elektron hujjatlar davr talabi" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Konferensiyada 40 dan ortiq xorijlik ekspert qatnashdi. Soha mutaxassislarining elektron hujjatlarini jamlash, hisobini olib borish, saqlash va foydalanishni tashkil etish bo‘yicha ilmiy ma’ruzalari tinglandi.  

– Sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, xususan, raqamli texnologiyalardan foydalanish bugun oldimizda turgan asosiy vazifalardan biri, – deydi Qirg‘iz Respublikasi raqamli rivojlanish vazirligi huzuridagi Arxiv xizmati raisi Mariya Aliboyeva. – Arxiv hujjatlarini elektronlashtirish bir mamlakat misolida aholiga qulayliklar yaratsa, mamlakatlararo hujjat almashinuvida tezkorlikka imkoniyat yaratadi. Bugungi Maslahat kengashi ishtirokchilari ayni shu jihatga ko‘proq e’tibor qaratyapti.  

Tadbir davomida O‘zbekiston kinofotofono hujjatlari milliy arxivining 80 yilligi munosabati bilan “O‘zbekiston” nashriyotida chop etilgan kitob-albom hamda O‘zbekiston kinematografiya agentligi tomonidan Ali Hamroyev rejissyorligida tayyorlangan “Mangu lahzalar” hujjatli filmi taqdimoti o‘tkazildi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),  

O‘zA muxbirlari.