Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Arxiv sohasidagi 6 oylik faoliyat sarhisob qilindi
11:49 / 2025-07-24

Navoiy shahrida joylashgan FHDYO va Notarial arxivlar binosida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan 2025 yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov agentlik tomonidan amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan axborot berdi.

Anjumanda ta’kidlanishicha, arxiv hujjatlarini raqamlashtirish va elektron saqlov tizimlarini takomillashtirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, milliy va respublika arxivlari tomonidan millionlab kadr hujjatlar raqamlashtirilgan bo‘lib, axborot tizimiga keng qamrovli ma’lumotlar kiritilmoqda.

Arxiv faoliyatini yanada raqamlashtirish maqsadida turli formatdagi hujjatlarni skaner qilish uchun zamonaviy texnik uskunalar xarid qilindi. Shuningdek, mikroplyonkalardagi hujjatlarni raqamli ko‘rinishga o‘tkazish ishlari ham davom etmoqda. 

[gallery-24439]

Joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida davlat arxivlari saqloviga turli yo‘nalishlardagi arxiv hujjatlari qabul qilinib, fuqarolar va tashkilotlar tomonidan yuborilgan ijtimoiy-huquqiy so‘rovlar tezkorlik bilan ko‘rib chiqildi. 

Arxiv sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida bir qator muhim hujjatlar imzolandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi bilan BAA hukumati o‘rtasida O‘zbekiston Milliy arxivining yangi binosini qurish va jihozlash bo‘yicha grant kelishuvi tuzildi. Shuningdek, Buxoroda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida arxiv fotohujjatlar ko‘rgazmasi hamda qo‘shma nashrlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 

Ilk marotaba Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bag‘ishlab, “O‘zbekiston matbuoti arxiv hujjatlarida” mavzusidagi fotoko‘rgazma tashkil etildi. Unda 1928–2021 yillarga oid tarixiy suratlar hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA tomonidan taqdim etilgan yurtimiz matbuoti va ommaviy axborot vositalarining rivojlanishini aks ettiruvchi 150 dan ortiq fotohujjatlar namoyish etildi.

Matbuot anjumanida Navoiy viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi tomonidan hududda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ham ma’lumotlar taqdim etildi. Ta’kidlanishicha, hujjatlarni raqamlashtirish, ta’mirlash va tikish, shuningdek, boshqaruv va shaxsiy tarkib hujjatlarini davlat saqloviga qabul qilish ishlari izchil olib borildi.

Shuningdek, bir qator tashkilot va korxonalarda arxiv ishini tashkil etish bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazilib, amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatildi. 

Tadbir yakunida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari