Poytaxtimizda “O‘zarxiv” agentligi tomonidan Prezidentimizning 2025 yil 24 noyabrdagi “Arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va sohada boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Unda agentlik axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, ushbu farmon bilan mamlakatimizda arxiv ishini 2030 yilgacha bosqichma-bosqich raqamlashtirish, zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish va fuqarolarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini tubdan oshirish bo‘yicha aniq maqsad va vazifalar belgilab berildi.
Farmonga ko‘ra, 2030 yilgacha quyidagi strategik natijalarga erishish belgilab qo‘yilgan. Jumladan, Milliy arxiv fondi hujjatlarining 60 foizini raqamlashtirish, elektron xizmatlar ulushini 100 foizga yetkazish, xizmat ko‘rsatish muddatlarini esa kamida 3 barobarga qisqartirish hamda 2026 yil 1 iyundan amaldagi arxiv axborot tizimlari asosida Yagona milliy arxiv axborot tizimini joriy etish belgilangan.
Bu orqali arxiv sohasida yagona raqamli muhit yaratiladi va barcha jarayonlar markazlashgan elektron platforma orqali amalga oshiriladi. Farmonga ko‘ra, davlat arxivlarida saqlanayotgan alohida qimmatli va noyob hujjatlar harakatini avtomatlashtirish maqsadida RFID – radio chastotali identifikatsiya texnologiyasi joriy etiladi. Bu texnologiya hujjatlar harakatini real vaqtda kuzatish, yo‘qolish yoki buzilish holatlarining oldini olish hamda hisobdorlikni oshirish imkonini beradi.
2026 yil 1 avgustdan qator asosiy arxiv funksiyalari to‘liq elektron tarzda amalga oshiriladi. Jumladan, Milliy arxiv fondi hujjatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, yig‘ma jildlar ro‘yxatini tuzish, rasmiylashtirish va tasdiqlash, arxiv hujjatlarini qabul qilish va foydalanishga berish, korxonalar qayta tashkil etilganda hujjatlarning huquqiy vorislarda saqlanishini kelishish, davlat organlari va tashkilotlarining arxiv topshirishi lozim bo‘lgan yagona ro‘yxatini shakllantirish amalga oshiriladi.
Bu jarayonlar raqamlashtirilishi orqali shaffoflik oshadi, ortiqcha qog‘ozbozlik bartaraf etiladi.
Shuningdek, farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 sentyabrdan “Shajara” axborot tizimi ishga tushiriladi. U orqali fuqarolar o‘z oilaviy nasl-nasab ma’lumotlarini onlayn tarzda olishlari mumkin bo‘ladi.
Tizim “FHDYOning yagona elektron arxivi”, davlat va idoraviy arxivlar ma’lumotlari asosida shajara tuzib berish, Sud-ekspertiza markazining DNK ma’lumotlari orqali etnik kelib chiqishni aniqlash xizmatidan foydalanishimkoniyatlarini taqdim etadi.
Farmon arxiv xizmatidagi ortiqcha talablarni bekor qilish va xizmatlarni tezlashtirishni ham ko‘zda tutadi. 2026 yil 1 maydan soha xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazishda rahbar tavsiya xati, mavzuli so‘rovlar uchun talab etilgan hujjat nusxasini taqdim etishni talab qilish bekor qilinadi.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur farmon arxiv sohasida katta tizimli o‘zgarishlar uchun huquqiy asos yaratib, sohani to‘liq raqamlashtirish, xizmatlarni soddalashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali uni yangi bosqichga olib chiqadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA