Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Arxiv sohasida erishilgan asosiy natijalar sarhisob qilindi
18:18 / 2026-01-27

O‘zbekiston milliy matbuot markazida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan 2025 yil davomida sohada amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda arxiv sohasini raqamlashtirish, fuqarolarga xizmat ko‘rsatish, normativ baza yaratish, xalqaro hamkorlik va davlat nazorati yo‘nalishlarida erishilgan asosiy natijalar haqida ma’lumot berildi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini rivojlantirishning 2025 yilga mo‘ljallangan rejasi 21 ta ko‘rsatkichlar bo‘yicha bajarilib, shundan 20 ta ko‘rsatkich bo‘yicha oshirib bajarilgan.

Hisobot davrida 12 ming 591 ta boshqaruv, 1 ming 439 ta shaxsiy tarkib, 77 ta saqlash muddati vaqtincha bo‘lgan hujjatlar ro‘yxatlarining elektron nusxalari yaratildi. 2025 yilda davlat arxivlari tomonidan 15,2 million kadr arxiv hujjatlarining elektron nusxalari yaratildi. O‘zbekiston milliy arxivlari va davlat arxivlari tomonidan “Davlat arxivlarida raqamlashtirilayotgan hujjatlarning yagona saqlovini ta’minlash hamda ulardan foydalanish” axborot tizimiga jami 1,29 millionta ma’lumot kiritildi.  

[gallery-27328]

Davlat arxivlari tomonidan arxiv hujjatlarining elektron nusxasini vaqtinchalik saqlash va monitoring qilish “E-saqlov” axborot tizimi joriy qilindi. Ushbu tizimga davlat arxivlarining 350 nafar xodimlari tomonidan 2026 yil 19 yanvar holatiga 65 million kadrdagi arxiv hujjatlari joylashtirildi.  

“Arxiv ishi” axborot tizimida 700 nafardan ziyod Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmalari, tuman (shahar) filiallari mas’ul xodimlari ro‘yxatdan o‘tkazildi. Hozirda Davlat arxivlari tomonidan yerga oid so‘rovlarga javob berilganda kadastr xodimlari tomonidan ushbu javobning asos hujjatlarini tekshirish imkoniyati yaratildi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha 123 nafar arxiv xodimlarining bilim va ko‘nikmalari oshirildi.  

O‘tgan yil davomida respublika arxivlariga 557 ming 975 ta mavzuli va ijtimoiy-huquqiy mazmundagi so‘rovlar kelib tushgan. Arxiv hujjatlari asosida 283 ming 953 ta ijtimoiy-huquqiy mazmundagi so‘rovlar ijrosi bajarilib, ulardan 264 ming 326 tasi ijobiy, 19 ming 627 tasi bo‘yicha esa tegishli tushuntirishlar berilgan.  

Tashkilot hujjatlari arxiv saqloviga kelib tushmagan va taalluqliligi bo‘yicha tegishli tashkilotlarga yuborilgan so‘rovlar 115 ming 155 tani, hisobot davrida ijrodagilar 9 ming 976 tani tashkil etadi. Arxiv hujjatlari asosida 148 ming 891 ta mavzuli so‘rovlar ijrosi bajarilib, ulardan 120 ming 962 tasi ijobiy, 27 ming 929 tasi tashkilot hujjatlari arxiv saqloviga kelib tushmagani bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Bundan tashqari, 355 ta davlat organi va tashkilotlarida arxiv ishi va ish yuritish holati ustidan davlat nazorati tadbirlari o‘tkazildi. Davlat nazorati tadbirlari natijasida 342 ta tashkilotga ko‘rib chiqishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritildi, tekshirishda aniqlangan qonunbuzilishlari bo‘yicha 77 nafar mas’ul xodimga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli sud organlariga yuborildi hamda arxiv ishi hududiy boshqarmalari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 5 ta material yuborildi.

Arxiv ishi va ish yuritish sohasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish maqsadida xorijiy va mahalliy tashkilotlar bilan 7 ta hamkorlik hujjatlari imzolangan.

Agentlik va uning tizimidagi muassasalarga xorijiy davlatlar diplomatik korpuslari va tashkilotlaridan 13 ta delegatsion tashriflar amalga oshirilgan.

Gulnoza Boboyeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA