Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan joriy yilning to‘qqiz oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha, tasdiqlangan rejaga muvofiq, 2023 yil boshidan 110,4 ming saqlov birligidagi qariyb 11,2 million kadr raqamlashtirildi va reja 107,3 foizga bajarildi. “Davlat arxivlarida raqamlashtirilayotgan hujjatlarning yagona saqlovini ta’minlash hamda ulardan foydalanish” axborot tizimida O‘zbekiston milliy arxivlari va davlat arxivlari tomonidan jami 48 ming 434 ta fond, 47 ming 625 ta ro‘yxat va 614 ming 556 saqlov birligi va 259 ming 107 ta hujjat yaratilgan.
Arxiv sohasida aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilayotgan interaktiv davlat xizmatlari soni yana ikkitaga oshdi. Jumladan, arab alifbosida yaratilgan turk, fors tilidagi hujjatlardagi axborotlar to‘g‘risida annotatsiya ma’lumotlarini olish bo‘yicha hamda arxiv hujjatlari, kitoblar va qo‘lyozmalarni raqamlashtirish bo‘yicha davlat xizmati onlayn ko‘rinishga o‘tkazildi.
Agentlikka jismoniy va yuridik shaxslardan jami 725 ta murojaat kelib tushdi.
“O‘zarxiv” agentligi, Arxiv ishi hududiy boshqarmalari tomonidan tashkilotlar hamda korxonalarda arxiv ishi va ish yuritish holati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha 9 oy davomida 233 ta tashkilotda nazorat tekshiruvlari o‘tkazilib, arxivlar tomonidan tashkilot va korxonalarga qo‘llanilgan chora sifatida 185 ta taqdimnoma kiritilgan. Shuningdek, korxona va tashkilotlarda arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha uslubiy hamda amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 854 ta yalpi o‘rganish, 433 ta mavzuli o‘rganish ishlari olib borildi.
Davlat arxiv o‘quvxonalarida tadqiqotchilar ishini tashkil etish bo‘yicha 2 ming 777 nafar O‘zbekiston fuqarolari, 34 nafar chet el fuqarolari tadqiqotchilik ishlarini olib bordi. Shuningdek, 31791 saqlov birligidagi hujjatlar tadqiqotchilarga foydalanish uchun taqdim etildi.
[gallery-14239]
Shuningdek, davlat organlari va ularning quyi tuzilmalarida, barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda elektron hujjatlarni saqlash uchun topshirishga mo‘ljallangan “Idoraviy elektron arxiv” axborot tizimi ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirda sinov jarayonlari o‘tkazilmoqda va 2024 yil boshidan amaliyotga joriy etish ko‘zda tutilgan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA