Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Arxiv sohasida 655 varaqdagi hujjatlar maxfiylikdan chiqarildi
18:05 / 2022-04-21

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida 2022 yil I choragida tizimda amalga oshirilgan ishlar” mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda agentlik direktori Ulug‘bek Yusupov “O‘zarxiv” agentligi va “Axborot texnologiyalari va axborot resurslarini rivojlantirish markazi” DUK bilan hamkorlikda Davlat arxivlarida raqamlashtirilayotgan hujjatlarning yagona saqlovini ta’minlash hamda ulardan foydalanish” axborot tizimi va uning davlat arxivlarida joriy qilinganligi xususida ma’lumot berdi.   
  
Qayd etilganidek, joriy yil 14 aprel holatiga ko‘ra, mazkur axborot tizimida jami 43 ming 277 ta fond, 23 ming 799 ta ro‘yxat, 17 ming 461 saqlov birligi va 180 ta hujjat yaratilgan. Hozirda aholi foydalanishi uchun maxsus qidiruv servisi (doc.archive.uz) ishlab chiqilib, “Davlat arxivlarida raqamlashtirilayotgan hujjatlarning yagona saqlovini ta’minlash hamda ulardan foydalanish” axborot tizimi bilan integratsiya qilindi.  
  
Arxiv hujjatlarini navbatdagi maxfiylikdan chiqarish ishlari amalga oshirildi. Davlatimiz rahbarining 2019 yil 20 sentyabrdagi  “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ko‘rsatilgan topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Milliy arxivida saqlanayotgan 5 ta fondagi, 15 saqlov birligidagi 655 varaqdagi arxiv hujjatlari o‘rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarildi.   
  
– Agentlikka joriy yil I choragida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 211 ta, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi orqali 161 ta, ishonch telefoni orqali 3 ta, yozma tarzda 47 ta murojaat kelib tushdi, – dedi Ulug‘bek Yusupov. – Respublika davlat arxivlariga jami jismoniy va yuridik shaxslardan 4 ming 391 ta murojaat kelib tushdi hamda o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, rejadan tashqari bir qator arxiv ishlari ijrosi ta’minlandi. 
  
Shuningdek, respublika arxivlariga jami mavzuli so‘rovlar 28 ming 284 ta va 111 ming 135 ta  ijtimoiy-huquqiy mazmundagi so‘rovlar kelib tushgan. Arxiv hujjatlari asosida 76 ming 969 ta so‘rovlar ijrosi bajarilib, ulardan 69 ming 121 tasi ijobiy, 7 ming 884 tasi bo‘yicha esa tegishli ko‘rsatma va tushuntirishlar berildi. Tashkilot hujjatlari arxiv saqloviga kelib tushmagan va taalluqligi bo‘yicha tegishli tashkilotlarga yuborilgan so‘rovlar soni 15 ming 782 tani tashkil etadi.   
  
Anjuman davomida agentlik tomonidan joriy yilgi amalga oshirilgan xalqaro hamkorlik, imzolangan memorandumlar vazifasi va o‘tkazilgan ilmiy seminarlar haqida ham ma’lumotlar berildi.  

[gallery-6728]

 
Gulnoza BOBOEVA, Oybek PARDAEV (surat) O‘zA