Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiya huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
“O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov davlat arxivlari tomonidan ko‘rsatilgan arxiv xizmatlari to‘g‘risida axborot berdi.
- Joriy yilda arxiv tizimida samarali ishlar amalga oshirildi, - dedi Ulug‘bek Yusupov. - Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondining alohida qimmatli hujjatlarining elektron shaklini yaratish ishlari jadallashtirilishiga erishildi. Arxivlar tomonidan tashkilot va korxonalar uchun sohaga oid ichki normativ hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha jami 2 574 ta idoraviy hujjat ishlab chiqildi. Joriy yil davomida 918 ta tashkilot va korxonada nazorat tekshiruvlari o‘tkazilib, 9 ta ma’muriy bayonnoma tuzilib, arxivlar tomonidan tashkilot va korxonalarga 73 ta taqdimnoma kiritilgan.

bugungi kunda respublikada jami 227 ta davlat arxivi mavjudligi qayd etildi. Shundan, 3tasi O‘zbekiston Milliy arxivi, 101 tasi davlat arxivi, 123 ta shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivi hisoblanadi.
Har yili o‘rtacha 200 ming saqlov birligidan ziyod hujjatlar davlat arxivlariga kelib tushadi.
Joriy yilda jismoniy va yuridik shaxslarga qulaylik yaratish maqsadida so‘rovlarni onlayn qabul qilish imkoniyatini beruvchi “Arxiv ishi” (my.archive.uz) axborot tizimi yaratildi.
Matbuot anjumanida 2021 yilda mavzuli so‘rovlar onlayn xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilishi rejalashtirilayotgani, unga ko‘ra yerga va mulkka egalik qilish huquqini aks ettiruvchi arxiv hujjatlari, sud qarorlari yuzasidan arxiv ma’lumotnomalarini olish elektron shaklga o‘tkazilayotgani qayd etildi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga “O‘zarxiv” agentligi mas’ullari javob qaytardi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA